“Ijtimoiy taraqqiyot uchun” tanlovining ikkinchi bosqichi yakunlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida ikkinchi bor o‘tkazilayotgan an’anaviy “Ijtimoiy taraqqiyot uchun” tadqiqot ishlari tanlovining ikkinchi bosqichi yakunlandi.
Tanlovning mazkur bosqichida mamlakatning turli hududlaridan ishtirok etgan 41 nafar bitiruvchi talaba (18 nafar bakalavr va 23 nafar magistr) orasidan saralab olingan 20 nafar ishtirokchi o‘zining bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalarini tanlov komissiyasi a’zolari hamda xalqaro hamkorlar — Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) va Osiyo taraqqiyot banki (ADB) vakillariga taqdim etdi.
Taqdim etilgan ilmiy ishlar ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, inklyuziv yondashuvlar va sohadagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tanlov g‘oliblari maxsus taqdirlash marosimida e’lon qilinishi rejalashtirilgan. Ushbu tanlov iqtidorli yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy izlanishlarini rag‘batlantirish hamda ijtimoiy sohada ilmiy asoslangan yechimlarni amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA