Dunyo miqyosida barcha davlatlarni tashvishga solayotgan global muammolardan biri bu – korrupsiya. Ushbu illat har qanday davlat va jamiyatning siyosiy-iqtisodiy rivojlanishiga jiddiy putur yetkazadi. Inson huquq va erkinliklarining poymol bo‘lishiga olib keladi. Shu bois unga qarshi kurash dunyo bo‘yicha global ahamiyatga kasb etadi.
Xalqaro maydondagi xabarlarga tayangan holda ma’lum qiladigan bo‘lsak, Yangi Zelandiya dunyodagi eng kam korrupsiyalashgan mamlakat hisoblanadi. Shuningdek, Daniya, Finlyandiya, Norvegiya, Shveysariya, Singapur, Shvetsiya, Kanada, Lyuksemburg hamda Niderlandiya kabi davlatlarda korrupsiya eng kam uchrashi qayd etilgan.
Fransuzlarning 65 foizidan ko‘prog‘i Fransiyada korrupsiya keng tarqalgan deb hisoblaydi, 7 foiz fuqarolar allaqachon bu illatning “qurboni” bo‘lganliklarini bildirgan.
Xo‘sh, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida yurtimizda nima ishlar amalga oshirilmoqda?
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 6 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirishi hamda tanlov doirasida o‘tkaziladigan sinov tadbirlarini internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy qilindi.
Davlat fuqarolik xizmatiga kirishda inson omilini kamaytirish, barcha fuqarolarga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portal — vacancy.argos.uz ishlab chiqilishi yuqorida aytilgan islohotlarning asosiy mexanizmi bo‘ldi.

Davlat xizmatiga munosib kadrlarni ochiq mustaqil tanlov asosida saralab olish tizimi joriy qilinishi korrupsion holatlarni oldini olishda muhim omil hisoblanadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik markazi hamkorligida joriy yilning may-avgust oylari davomida ayni mavzuda aholi o‘rtasida 4 bosqichli so‘rov o‘tkazildi. Tadqiqot 1 ming 369 nafar respondent o‘rtasida telefon so‘rovi yo‘li bilan amalga oshirildi.
Co‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning uchdan bir qismi (32 foiz) mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash «ancha muvaffaqiyatli va samarali» olib borilmoqda, deb hisoblaydi. 25 foiz respondent korrupsiyaga qarshi choralar «muvaffaqiyatli va samarali, ammo barcha sohalarda ham emas» deb javob bergan.
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, korrupsiyaviy munosabatlarga eng moyil, korrupsiyaning yuzaga kelishi xavfi o‘ta yuqori bo‘lgan sohalar sifatida sog‘liqni saqlash (35 foiz), oliy va o‘rta maxsus ta’lim (19 foiz), maktabgacha va maktab ta’limi (11 foiz), ichki ishlar organlari (8 foiz), mahalliy hokimliklar (6 foiz) va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (5 foiz) qayd etildi.
Shuningdek, so‘rov ishtirokchilari mulkchilik shaklidan qat’i nazar, tashkilotlar va idoralar, firmalar va korxonalar rahbarlariga amalda kadrlarni tanlash, bo‘shatish, ishga qabul qilish masalalarida cheklanmagan vakolatlar berilgan, lekin kadrlarni tanlashda ochiq mustaqil tanlov asosida saralab olish tizimi joriy etilgandan so‘ng bu jarayonda korrupsion holatlar ancha kamayganligini tasdiqladi.
So‘rovlarda hududlar bo‘yicha Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri aholisi korrupsiya holatlariga ko‘p duch kelganligi va mamlakatda korrupsiya yuqori darajada tarqalganini ta’kidlagan.
Tadqiqot natijalari tahliliga ko‘ra, korrupsiyaviy munosabatlar paydo bo‘lishining beshta asosiy sababi bor.
Bular fuqarolarning o‘z masalalari yoki muammolarini qonunni chetlab o‘tgan holda hal etishga intilishi (31 foiz); fuqarolarning qonunlar va o‘z huquqlarini yaxshi bilmasligi, shuningdek, korrupsiyaviy jinoyatlarga qarshi kurashdagi huquqiy amaliyotning yo‘qligi (28 foiz); ochko‘zlik, vakolatlarga ega bo‘lgan ayrim shaxslarning tekin daromad olishga intilishi (19 foiz); daromadlar darajasining pastligi, iqtisodiy omillar, jamiyatning tabaqalanishi (8 foiz); mansabdor shaxslar ishi ustidan fuqarolik jamiyati tomonidan o‘rnatilgan jamoatchilik nazoratining sustligi (7 foiz).
Shuningdek, respondentlarning 12,5 foizi korrupsiyaga duch kelganda bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berishni ma’qul topsa, 87,5 foizi yashirishni afzal deb bilgan.
Jamoatchilik fikriga ko‘ra, ish haqini oshirish, yoshlar orasida korrupsiyaga qarshi dunyoqarashni shakllantirish, huquqbuzarliklar uchun jazoni qat’iylashtirish, fuqarolarning huquqiy ongini oshirish kabi choralar korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishda samaralidir.
Umuman olganda, respondentlar tomonidan mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati ijobiy baholanib, shu bilan bir qatorda korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarini kuchaytirish lozimligi ta’kidlanmoqda.
Fuqarolarning korrupsiya bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha fikri va bahosi har xil bo‘lishiga qaramay, so‘rovda qatnashganlarning aksariyati korrupsiyaga qarshi amalga oshirilayotgan siyosatni ijobiy baholashga moyil hamda mamlakatda korrupsiyaning oldini olish va uning darajasini kamaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni ta’sirchan va samarali, deb hisoblaydi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA