Hademay qish. Bu esa nafaqat turarjoylarda, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’ektlarida isitish bilan bog‘liq jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Muammolarning oldini olish, qishni betalafot o‘tkazish maqsadida Sirdaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan Sirdaryodagi ijtimoiy soha ob’ektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganildi.
O‘rganishlar natijasida maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasiga qarashli 517 ta muassasada 552 ta holatda, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hududiy boshqarmasiga qarashli 19 ta muassasada 264 ta holatda,Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga qarashli 166 ta muassasada 690 ta holatda kamchiliklar aniqlanib, bartaraf etildi.
Davlat tasarrufidagi ob’ektlarda o‘tkazilgan tekshiruvlarda aniqlangan yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish holatlari yuzasidan 107 nafar javobgar shaxsga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Zudlik bilan bartaraf etilmasa yong‘in sodir bo‘lishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan 47 ta bino va inshootning ish faoliyati vaqtinchalik to‘xtatildi, 98 ta elektr uskuna, moslama va agregatdan foydalanish taqiqlandi.
Eng muhimi, aholi turarjoylarida va ijtimoiy soha ob’ektlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasidagi kamchilik va muammolar bo‘yicha viloyat, shahar va tuman hokimliklariga 77 marotaba, yuqori tashkilotlarga 94 marotaba, hududiy gaz ta’minotiga 41 marotaba, elektr ta’minoti idoralari va boshqa taalluqli idoralarga 27 marotaba axborotnoma, ma’lumotnoma va taqdimnomalar kiritildi.
–Maqsad – kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish. Aniqlangan muammo va kamchiliklar mahalliy hokimlik va tegishli rahbarlar ishtirokidagi yig‘ilishlarda muhokama qilinib, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar bartaraf etildi. Ayrim e’tiborsiz rahbar xodimlarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan bo‘lsa, ayrimlariga ogohlantirish berildi,–deydi Sirdaryo viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i, kapitan Davronbek Sulaymonov.
Bundan tashqari, Sirdaryo viloyatida favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida “O‘zenergoinspeksiya” viloyat hududiy boshqarmasi, “Hududiy elektr tarmoqlari” bozorlar va savdo majmualari rahbarlari bilan birgalikda bozorlar va savdo majmualarini elektr energiyasi bilan ta’minlovchi transformatorlar, elektr taqsimlash qutilari hamda iste’molchilarga tortilgan sim va kabellarning iste’mol quvvatiga va belgilangan talablarga muvofiqligi o‘rganilib, sim va kabel mahsulotlari belgilangan tartibda sinovdan o‘tkazilib, shikastlangan himoya (izolyatsiya) qatlamini almashtirish choralari ko‘rildi. Bozorlar va savdo majmualarida taom tayyorlash maqsadida maishiy gaz ballonlaridan foydalanishning oldini olish, viloyat hududidagi xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida, shu jumladan, gaz to‘ldirish shoxobchalari va punktlarida, avtomobillarga yoqilg‘i quyish va gaz to‘ldirish shoxobchalarida sanoat xavfsizligi va mehnat muhofazasi qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazildi.
Isitish mavsumida yong‘inlar, is gazidan zaharlanish yoki havo-gaz aralashmasining chaqnashi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish maqsadida “xonadonbay” tartibda aholi o‘rtasida tushuntirish va targ‘ibot ishlari olib borilib, ko‘p xonadonli uy-joylardagi elektr, gaz va issiqlik ta’minoti qurilmalari, isitish qozonlari, dudburonlar va shamollatish tizimlarining texnik soz holatdaligi o‘rganildi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri