Ijtimoiy sheriklikning zamonaviy modeli
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va bu jarayonda ijtimoiy sheriklik munosabatlarini takomillashtirish mexanizmlarini amaliyotga joriy etish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va bu jarayonda ijtimoiy sheriklik munosabatlarini takomillashtirish mexanizmlarini amaliyotga joriy etish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti tashabbusi bilan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan “Oʻzbekistonda ijtimoiy sheriklikning zamonaviy modelini ishlab chiqish” mavzusidagi onlayn davra suhbati ana shunday muhim masalalar tahliliga bagʻishlandi.
Masofaviy davra suhbatida Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi va boshqa tashkilotlar vakillaridan iborat 100 ga yaqin mutaxassislar, professor-oʻqituvchilar va tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Davra suhbati Oʻzbekiston Milliy universitetida bajarilayotgan “Oʻzbekistonda ijtimoiy sheriklikning bugungi kun talablariga mos keladigan modellarini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy loyiha doirasida tashkil etildi.
Onlayn davra suhbati ijtimoiy sheriklik jarayonlarini nazariy jihatdan tadqiq etuvchi yetakchi olimlar hamda shu yoʻnalishida bevosita faoliyat olib borayotgan amaliyotchi mutaxassislarning ilgʻor tajribalarini umumlashtirish, ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan boʻlib, bu hamkorlik mamlakatimiz rivojining yangi bosqichida ijtimoiy sheriklik jarayonlarining samaradorligini yana-da oshirishga xizmat qilishini alohida taʼkidlash lozim.
Davra suhbatida ayni dolzarb mavzuga oid bir qancha maʼruzalar tinglandi.
Tadbir davomida Prezidentimizning quyidagi fikrlariga bir necha marta alohida urgʻu berildi: “Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bugungi kunda aholini oʻylantirayotgan muammolarga davlat idoralari eʼtiborini qaratib, oʻzlarining asoslangan takliflarini berib borishlari maqsadga muvofiq boʻladi. Buning uchun mamlakat va hududlar darajasida nodavlat notijorat tashkilotlari bilan ijtimoiy sheriklikni keng yoʻlga qoʻyib, grantlar va ijtimoiy buyurtmalarni koʻpaytirishimiz kerak”.
Oʻtkazilgan masofaviy davra suhbatida muhokama qilingan masalalar davlatimiz rahbari tomonidan keltirib oʻtilgan masalalarga oʻziga xos samarali yechim bera olishiga ishonch bildirildi.