Ijtimoiy nafaqalar faqat muhtojlarga beriladi
Mamlakatimizda moddiy ta’minoti og‘ir holatdagi kishi yoki oila hech qachon e’tibordan chetda qolmaydi. So‘nggi yillarda “Inson qadri uchun” degan tamoyil asosida kuchli ijtimoiy himoya tizimi shakllandi. Aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish ko‘lami va turlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Muhim yangiliklardan biri – sohada raqamlashtirish jarayoniga e’tibor qaratilib, inson omilisiz ehtiyojmand fuqaroni yoki oilani aniqlaydigan yangi tartib amalga tatbiq etildi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi tomonidan ayni chog‘da ijtimoiy nafaqa uchun ariza berishdan tortib, nafaqalarni tayinlash yoki rad etish jarayonlarining barchasi raqamli tizim asosida amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2020 yil 4 avgustda qabul qilingan “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Ijtimoiy himoya yagona reyestrini joriy etishga kirishilgan va bugungi kunda tizim samarali ishlamoqda. Asosiysi, kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam berish jarayonlari tubdan soddalashdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada e’lon qilingan “ijtimoiy davlat” tamoyillarini inobatga olgan holda, fuqarolarning ijtimoiy himoyaga oid huquqlarini va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash, aholiga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish hamda mazkur sohaga ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan mutlaqo yangi boshqaruv tizimini joriy etish borasida muhim vazifalar belgilab olindi.
Kam ta’minlangan ayollar hamda ularning oila a’zolariga ijtimoiy-iqtisodiy yordamlar ko‘rsatish maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi tomonidan 18 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga bolalar nafaqasi hamda bolalarsiz yoki barcha bolalari 18 yoshdan katta oilalarga va yakka yolg‘iz fuqarolarga moddiy yordam tayinlanadi.
Hozirgi kunda kam ta’minlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash hamda to‘lash O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 21 oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Kam ta’minlangan oilalarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlash, ularga kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizom talablari asosida inson omilisiz amalga oshirilmoqda.
– Kam ta’minlangan ehtiyojmand ayollarga qonunchilikka ko‘ra, bolasini yolg‘iz tarbiyalayotgan yolg‘iz onalar(otalar)ga hamda nikohi bekor qilingan ayollarga, rasmiy daromad manbalariga ega bo‘lmagan va oxirgi bir yil mobaynida “Temir daftar” ro‘yxatida bo‘lgan oilalarga rasmiy daromad talab etilmasligi kabi imtiyozlar belgilangan, – deydi Farg‘ona viloyati Pensiya jamg‘armasi boshqarmasi bosh mutaxassisi Zarifaxon Mamajonova. – Viloyatimizda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga joriy yilda fuqarolardan 404 ming 485 ta ariza olingan bo‘lib, shundan 202 ming 304 nafar kam ta’minlangan fuqaroga bolalar nafaqasi tayinlanib, to‘lanib kelinmoqda.
Ijtimoiy nafaqalarning manzilliligini oshirish hamda uni tayinlashda adolatni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha elektron ko‘rinishda ariza berishni joriy etish to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash mezoniga bir qator o‘zgartirishlar kiritildi.
Avvalo, nafaqa oluvchilarning daromadi va mol-mulkini har oyda elektron axborot tizimi orqali o‘rganish hamda kam ta’minlanganlik mezonlariga to‘g‘ri kelmaydigan oilalarni reyestrdan chiqarish taklif etilmoqda.
2024 yil 1 martdan “mahalla yettiligi” tomonidan joyiga chiqqan holda oilaning nomiga rasmiylashtirilmagan, biroq foydalanuvida bo‘lgan mol-mulklari o‘rganiladi. O‘rganish natijalari dasturga kiritiladi va axborot tizimi tomonidan nafaqa to‘lovini to‘xtatish yoki davom ettirish bo‘yicha avtomatik qaror qabul qilish tizimi joriy etiladi. Shuningdek, bandlik organlariga maslahat olish uchun murojaat qilgan ishsiz fuqarolar uch oy davomida kasbga o‘qimasa, ishsiz sifatida ro‘yxatga olinmasa hamda mehnat faoliyatini rasmiylashtirmasa, to‘lovni to‘xtatish taklif etilmoqda.Kredit olgan, xorijda ishlayotgan, tomorqa yoki dehqon xo‘jaligini yuritish bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning soliq organlarida rasmiy ro‘yxatdan o‘tganligi to‘g‘risidagi hamda Davlat personallashtirish markazining elektron ma’lumotiga asosan avtomatik ravishda bandligini aniqlash tartibi joriy etilmoqda. Egaligida yengil avtotransport vositasining ishlab chiqarilgan muddati 12 yilgacha bo‘lgan oilalarga nafaqa olishga cheklov belgilanmoqda.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi nafaqat ijtimoiy xizmatlar va yordamning manzilliligini oshirish imkoniyati, balki har qanday murakkab sharoitda ham aholining ehtiyojmand qismini qisqa muddatlarda aniqlash va ularni davlat tomonidan manzilli qo‘llab-quvvatlashning shaffof va samarali vositasiga aylanib boryapti. Bu esa mamlakatimizda ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Shu bilan birgalikda boqimandalikning oldini olish borasida ham tizimli ishlar olib borilmoqda.Joriy yil 1 oktyabrdan boshlab “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufiga o‘tkazildi. Endilikda aholiga ko‘rsatiladigan barcha turdagi ijtimoiy xizmatlar va yordamlar, shu jumladan, kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordamlar bo‘yicha arizalar “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi orqali qabul qilinadi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri.