| Y | D | S | CH | P | J | SH |
|---|---|---|---|---|---|---|
| 1 | 2 | 3 | 4 | 5 | 6 | 7 |
| 8 | 9 | 10 | 11 | 12 | 13 | 14 |
| 15 | 16 | 17 | 18 | 19 | 20 | 21 |
| 22 | 23 | 24 | 25 | 26 | 27 | 28 |
| 29 | 30 | 1 | 2 | 3 | 4 | 5 |
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” yaratilmoqda

Ijtimoiy himoya yo‘nalishidagi raqamlashtirish jarayoni zarur yordamning aniq manzilini topishga yo‘l ko‘rsatadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida asosan ushbu yo‘nalishda qilinishi zarur bo‘lgan dolzarb masalalarga e’tibor qaratildi.
Bu bejiz emas, albatta. Mamlakatimizda davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o‘rni va mavqeini yanada mustahkamlash islohotlarimizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi
Xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va manzilli hal etish maqsadida “Ayollar daftari” joriy etilgani amaliy ishlarni manzilli olib borishga zamin yaratdi.
Bu daftarga 9 mezon asosida 433 ming nafar xotin-qiz kiritilib, elektron baza shakllantirilgan. bugungi kungacha esa ular 80 ming nafarining muammolari hal etilgan.
Shundan 253 ming nafari ishsiz, 44 minggi tibbiy, 48,5 minggi huquqiy va psixologik yordamga muhtojlar, 37 minggi boquvchisini yo‘qotgan, 33,5 minggi nogironligi bo‘lganlar (shundan 4,5 ming uy-joyini ta’mirlashga muhtoj), 9 minggi noturar joyda yashovchilar, 8 minggi nogironligi bo‘lgan farzandini tarbiyalayotgan yolg‘iz ayollarni tashkil etgan.
Aytib o‘tish kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2021 yil 8 yanvarda “Xotin-qizlar muammolarini “Ayollar daftari”ni yuritish orqali tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha vaqtinchalik tartib”ni tasdiqladi.
Mazkur vaqtinchalik tartibga ko‘ra, “Ayollar daftari” – ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy, psixologik qo‘llab-quvvatlashga, bilim va kasb o‘rganishga ehtiyoji va ishtiyoqi bo‘lgan, ishsiz xotin-qizlarning muammolarini aniqlash, bartaraf etish va nazoratini olib borish bo‘yicha ma’lumotlar bazasi hisoblanadi.
Mazkur baza aholini ijtimoiy himoya qilish borasida zamonaviy yondashuv bo‘ldi. “Ayollar daftari”dan tashqari “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” joriy etilgani ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha samarali tizim bo‘ldi.
Hozir ushbu daftarlardagi ma’lumotlarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritish ishlari amalga oshirilib, ijtimoiy himoyada “raqamlashtirish” degan yangi bosqich boshlandi. Uning asosiy vazifalaridan biri haqiqiy ijtimoiy va moddiy ko‘makka muhtoj kishilarga ijtimoiy yordam va boshqa ijtimoiy xizmatlarni o‘z vaqtida ko‘rsatishdir.
Bunday tizim to‘laqonli ishlashi jamiyatda har bir shaxsning o‘z o‘rnini topishiga, hayotdan rozi bo‘lib yashashiga mustahkam zamin yaratadi.
Zero, o‘z kelajagiga befarq bo‘lmagan davlat va jamiyat himoyaga muhtoj shaxslarni o‘qitish, ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etish, uy-joy muammolarini hal qilish, sog‘lig‘ini asrash bo‘yicha mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi.
Shuhrat Ismoilov,
yuridik fanlari doktori (DSc).
O‘zA
Muallif: uza
Dolzarb mavzular





