Ijtimoiy himoya: oilalar farovonligiga xizmat qiladi
Bolalarga sifatli parvarish va rivojlanish uchun zarur sharoit yaratish ijtimoiy himoya tizimining muhim vazifalaridan biridir. Toshkent viloyatida yo‘lga qo‘yilayotgan kunduzgi parvarish xizmatlari bolalar va ularning oilalari uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi bilan tuzilgan bitim asosida joriy yilning may oyida Oqqo‘rg‘on tumanidagi Mustaqillik mahallasida davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yilgan edi.
Bugungi kunda mazkur markazda 25 nafar bolaga kunduzgi parvarish xizmati ko‘rsatilmoqda. Bu yerda har bir bolaning individual imkoniyatlari va ehtiyojlaridan kelib chiqib, uni ijtimoiy hayotga moslashtirish, salohiyatini rivojlantirish hamda mustaqil hayotga tayyorlashga alohida e’tibor qaratilyapti.

Mashg‘ulotlar bolalarning yoshi, imkoniyatlari va holatini inobatga olgan holda, individual rejalar asosida tashkil etilmoqda. Parvarish bilan bir qatorda, ta’limiy va rivojlantiruvchi mashg‘ulotlar, ijtimoiy moslashuv hamda reabilitatsiya tadbirlari ham olib borilmoqda. Bu esa bolalarning shaxsiy qobiliyatlarini rivojlantirish, mustaqillik ko‘nikmalarini shakllantirish va hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
E’tiborlisi, kunduzgi parvarish xizmati nafaqat bolalar, balki ularning ota-onalari hayotida ham ijobiy o‘zgarishlarga zamin yaratmoqda. Xususan, farzandlarini mazkur xizmatga jalb etgan besh nafar ota-ona o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘lgan.

Bu, o‘z navbatida, ota-onalarning bandligini ta’minlash, oila daromadini oshirish va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, farzandining parvarishini ta’minlagan ota-ona o‘z mehnat faoliyati yoki tadbirkorlik ishlariga ko‘proq e’tibor qaratish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Markazda olib borilayotgan ishlar natijasida ikki nafar bola 78-sonli alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabga, yana bir nafar bola esa umumta’lim maktabiga yo‘naltirildi.

Bu natijalar kunduzgi parvarish xizmati bolalarni keyingi ta’lim bosqichiga tayyorlash, ularning imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish va jamiyatga moslashuvini qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutayotganini ko‘rsatadi. Hududlarda bunday xizmatlarning kengayib borayotgani bolalar manfaatlarini ta’minlash, oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Mutaxassislarning ma’lumot berishicha, Ijtimoiy himoya milliy agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan bugungi kungacha viloyatning tuman va shaharlarida jami 21 ta kunduzgi parvarish xizmati tashkil etilgan. Ushbu xizmatlarga 324 nafar bola qamrab olingan bo‘lib, ularning parvarishi uchun davlat tomonidan jami 4 milliard 3 million so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan.
A.Musayev,O‘zA