Yurtimizda aholining barcha qatlamlarini, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirish, ularni davlat tomonidan har tomonlama himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bunda Prezidentimizning 2023 yil 28 sentyabrdagi “Aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori dasturilamal vazifasini bajarmoqda.
Ushbu qaror asosida “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari va ijtimoiy xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ular tomonidan aholining ijtimoiy xizmat va yordamlar haqida xabardorligi oshirilib, har bir xonadon ahvoli o‘rganib chiqildi. Hozirda olib borilayotgan sa’y-harakatlar bois ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami kamayib bormoqda.
– Hududlarda ijtimoiy xodimlar ish faoliyatini boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, ijtimoiy xizmatlar mahalla darajasigacha tushirilishi natijasida sohaga oid 55 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi rahbari Qahramon Rajabov. – Ushbu murojaatlar asosida 322 nafar ijtimoiy xodimlar tomonidan 23,4 ming nafardan ortiq shaxsga 103 turdagi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatildi hamda ularning 6 ming nafardan ortig‘iga keys (ijtimoiy ish)lar ochildi. Natijada ijtimoiy yordam bo‘yicha murojaatlar soni o‘tgan yilga nisbatan viloyatda Prezident portaliga 4 foizga, viloyat hokimiga 26 foizga, tuman hokimlariga 35 foizga qisqargan. Hozirda aholining asosiy ijtimoiy masalalari “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida, ijtimoiy xodimlar tomonidan mahallalarda hal qilinmoqda. Ta’kidlash o‘rinliki, mahalladagi xizmat turlari 2 barobar ko‘payib, 103 tadan oshdi. Ijtimoiy xodimlar tomonidan 3,7 ming nafar uyida yotgan muhtojga zarur yordam ko‘rsatilgan.
[gallery-21118]
Tizim faoliyat boshlaganda viloyatda yagona ijtimoiy himoya reyestrida 47 ming 119 ta oila nafaqa olgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatgich 22,4 ming nafarni tashkil etmoqda. Ijtimoiy xodimlar tomonidan to‘lovlarning manzilliligi ta’minlanishi natijasida 125,9 milliard so‘m byudjet pullari iqtisod qilindi.
“Xonadonbay” xatlov orqali 2,7 mingta oila kambag‘allik reyestriga kiritilib, ularga 550 nafar rahbar biriktirildi. “Individual” yondashuv asosida 1,4 ming nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 1,3 ming nafar fuqaro tadbirkorlik va tomorqa orqali daromadi oshirildi, 355 nafar oila farzandi bog‘chaga, to‘garaklarga hamda kasbga yo‘naltirildi. Shuningdek, 3 ming 594 nafar fuqaroga tibbiy xizmat ko‘rsatildi.
2024 yil 13 dekabrda davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy himoya sohasidagi ishlar natijadorligi va 2025 yil uchun ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bir qator vazifalar belgilab berilgan edi.
– Prezidentimiz topshiriq va belgilab bergan vazifalaridan keyin 2025 yilda amalga oshiradigan chora-tadbirlarimizni belgilab oldik, – deydi Qahramon Rajabov. – Jumladan, 2025 yilda 24,1 ming kambag‘al aholiga daromad, ta’lim, tibbiyot va boshqa turdagi xizmatlarni ko‘rsatib, kambag‘allik darajasi 3,4 foizga tushiriladi. Bunda 25 ming nafar fuqaroga daromadni oshirish, 10,8 ming nafariga tibbiy, 20,1 ming nafariga to‘garak, bog‘cha va kasb-hunar, 3,9 ming nafariga mahalla infratuzilmasini yaxshilash, 8,2 ming nafariga uy-joy sharoitini yaxshilash va 6,5 ming nafariga boshqa ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Kelayotgan yilda jami 240 o‘rinli 1 ta davlat bog‘chasi, 5 ta xususiy sheriklik va 66 ta oilaviy bog‘chalari ishga tushadi.
Kambag‘allik reyestridagi 2 ming 270 nafar bola chet tili va IT to‘garaklariga jalb qilinadi. Kambag‘al oilalardagi mustaqil harakatlana olmayotgan 294 nafar shaxsga “uyda” va “kunduzgi qatnov” tibbiy-ijtimoiy hamda qarab turish xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali ularni parvarishi bilan band bo‘lgan 200 ga yaqin fuqaro uchun ishlash imkoniyati yaratilib, ushbu yangi xizmatlarni ko‘rsatishga xususiy sektor ham keng jalb qilinadi.
Mazkur tajriba Karmana tumanida joriy qilinib, 15 nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatadi.
Kelgusi yildan 3 ta ijtimoiy daftardagi mablag‘lar faqat kambag‘al oilalarning daromadini oshirish, ta’lim, uy-joy sharoitini yaxshilash, sog‘lig‘ini saqlash va boshqa ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatishga yo‘naltiriladi.
Nogironligi bo‘lganlarni reabilitatsiya qamrovi va samaradorligini kengaytirish maqsadida viloyat nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazida 20 o‘rinli yangidan bolalar ambulator reabilitatsiya markazi ishga tushiriladi va yiliga 500 nafar bola sifatli reabilitatsiya qilinadi. Natijada reabilitatsiya bilan qamrov 3 mingdan 3,5 mingtaga yetadi.
Bugungi kunda viloyatda nogironligi bor 18 nafar bola “G‘amxo‘rlik” kunduzgi parvarishlash guruhiga jalb qilingan. Bu tajriba keyingi yil Karmana tumanida ham tashkil qilinib, ijtimoiy xizmat orqali 50 ga yaqin nogironligi og‘ir bo‘lgan bolalar kunduzgi qatnov bilan qamrab olinadi va ularning ota-onalarga ishlash imkoniyati yaratiladi.
Albatta, bu kabi chora-tadbirlarning o‘z vaqtida bajarilishi va hayotga tatbiq etilishi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari