“Navoiy kon-metallurgiya kombinati”AJda rahbar xodimlar ishtirokida “Ijro intizomini mustahkamlash va ijro.gov.uz (edo.ijro.uz) tizimida nazoratga olinadigan hujjatlar va topshiriqlar ijrosini ta’minlash” mavzusida o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda kombinat tizimidagi barcha korxonalarda ijro intizomi har oyda keng muhokama etilib, ishni tashkil etish jarayonlari o‘quv seminarlari, ko‘rgazmali chiqishlar orqali mustahkamlanib kelinmoqda. Bu esa o‘z navbatida xodimlar bilimi, malakasi va mas’uliyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Chunki har qanday korxonada ish samaradorligi, yutuqlar omili temir intizom, rahbar-xodimlar mas’uliyatiga bog‘liq. Bu borada qabul qilingan me’yoriy hujjatlar ishni samarali tashkil etishga huquqiy zamin yaratmoqda.


O‘quv seminarida umumiy bo‘lim boshlig‘i Lola Boboqulova, hujjatlar ijrosini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Turg‘un G‘aniyev, byudjetlashtirish va kontrolling boshqarmasi bosh iqtisodchisi Nurbek Farmonovlar ijro intizomi tahlili yuzasidan taqdimot qildi.


– Kombinatda ijro intizomini yanada mustahkamlash maqsadida takomillashgan edo.ijro.uz tizimiga to‘liq o‘tildi, – deydi ҳужжатлар ijrosini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Turg‘un G‘aniyev. – Ushbu tizim orqali yuqori turuvchi organlardan kelib tushgan har bir hujjat tezkor qabul qilinib, rahbariyat topshirig‘i asosida ijroga qaratiladi va ijrosi to‘liq ta’minlanguniga qadar nazorat qilinadi. Bo‘lim tomonidan 2024 yilda jami 8825 ta, 2025 yilning bugungi kun holatiga esa 1212 ta topshiriq nazoratga olingan bo‘lib, aksariyat topshiriqlar ijrosi ta’minlangan. 400 dan ziyod topshiriqlarning ijro muddati mavjud bo‘lib, hozirda ish jarayonida.


Bundan tashqari, edo.ijro.uz tizimida o‘tgan yilda 104 ta, joriy yilning bugungi kun holatiga 39 ta qonunchilik hujjatlari ijrosi to‘liq ta’minlanib, Adliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasi tomonidan nazoratdan chiqarildi.
Tadbirda ishtirokchilar tomonidan berilgan barcha savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berilib, kelgusida ijro intizomini yanada mustahkamlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri