Ijro hujjatlari bo‘yicha qarzdorliklarni soddalashtirilgan tartibda undirish ko‘lami kengaytiriladi
2026-yil 20-aprelda “Ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 43-1 hamda 43-2-moddalariga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun kuchga kirdi.
Qonun bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchaga ko‘ra, ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan yangi tartibi belgilandi.
Endilikda bu amaliyot pochta va (yoki) videokonferensaloqa xarajatlari, kommunal xizmatlar to‘lovi yuzasidan qarzdorlik, ko‘p kvartirali uylar mulkdorlarining majburiy badallari yoki to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik, BHMning 5 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi summani undirishga nisbatan ham tatbiq etilishi belgilandi.
Qonunda davlat ijrochisi soddalashtirilgan tartibda ijro etishda undiruvni qarzdor jismoniy shaxsning banklardagi hisobvaraqlarida turgan pul mablag‘lariga qaratish, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi summani undirish haqidagi ijro hujjatlari bo‘yicha undiruvni qarzdor jismoniy shaxsning ish haqiga, stipendiyasiga, pensiyasiga va boshqa turlardagi daromadlariga qaratish kabi majburiy ijro etish choralarini qo‘llashi belgilangan.
Biroq, kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, yuqorida keltirilgan majburiy ijro etish choralari videokonferensaloqa xarajatlari, kommunal xizmatlar to‘lovi yuzasidan qarzdorlik, ko‘p kvartirali uylar mulkdorlarining majburiy badallari yoki to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik kabi ijro hujjatlariga nisbatan qo‘llanilmaydi.
N.Abduraimova, O‘zA