O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini boshqarish bo‘yicha faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq:
ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalari to‘g‘risidagi namunaviy nizom;
Viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) hokimliklarining Tashkiliy-kadrlar guruhi to‘g‘risidagi namunaviy nizom;
Respublika va mahalliy ijro etuvchi organlari inson resurslarini rivojlantirish va bo‘linmalarining rahbarlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom;
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining inson resurslarini boshqarish bo‘yicha faoliyatini baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
2025 yil 1 maydan boshlab:
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining (harbiylashtirilgan tuzilmalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bundan mustasno) inson resurslarini boshqarish bo‘yicha faoliyati davlat fuqarolik xizmati maxsus vakolatli davlat organi tomonidan baholab boriladi;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining (harbiylashtirilgan tuzilmalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bundan mustasno) inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish bo‘linmalarining rahbarlari ushbu qaror talablari asosida davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan attestatsiyadan o‘tkaziladi.
O‘zA