Ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining kengaytirilgan umumiy boshqaruv yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ijodiy loyihalar, ko‘rgazmalar, plenerlar, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, hududiy bo‘limlar faoliyatini takomillashtirish hamda tasviriy san’atni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, akademik Akmal Nur so‘zga chiqib, Badiiy ijodkorlar uyushmasining bugungi faoliyati, erishilgan yutuqlar va mavjud kamchiliklar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Shuningdek, tadbirda Prezidentimizning 2026-yil 2-iyundagi “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar va ularning ijrosini ta’minlash masalalari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Xususan, sohada iste’dodlarni yuzaga chiqarishning yangi tizimini joriy etish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada kengaytirish, soha vakillarining ijtimoiy ta’minotini mustahkamlash, ta’lim tizimini takomillashtirish, shuningdek, madaniyat, san’at va adabiyot sohalarida tashkil etiladigan ijodiy birlashmalarning faoliyat yo‘nalishlari yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Tasviriy san’at sohasidagi ijodiy birlashmalar faoliyatini zamonaviy talablar asosida tashkil etish, ularning ishini tizimli yo‘lga qo‘yish hamda Prezident hujjatlarida belgilangan vazifalardan kelib chiqib faoliyat samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, tasviriy san’at ijodiy birlashmasi faoliyatini O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi faoliyatiga uyg‘unlashtirish, uning ishini zamonaviy talablar va belgilangan ustuvor vazifalar asosida tashkil etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Yig‘ilishda uyushma a’zolari ham so‘zga chiqib, sohani rivojlantirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, uyushma faoliyatini yanada takomillashtirish va ijodiy birlashmalar ishini samarali tashkil etish yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
Muhokamalar yakunida Tasviriy san’at ijodiy birlashmasi faoliyatini tashkil etish va uning ishini yangi talablar asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishchi guruh tuzish to‘g‘risida kelishib olindi. Yig‘ilishda belgilangan vazifalar tasviriy san’at sohasida ijodiy muhitni yanada rivojlantirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etish hamda Badiiy ijodkorlar uyushmasi faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA