Ijodkorlar gʻallaorollik yoshlar huzurida...
Tadbirda poytaxtdan kelgan ijodkorlar yoshlarga oʻzlarining kitoblaridan sovgʻa qildi.
Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani “Barkamol avlod” maktabi qoshidagi “Qaqnus” adabiyot toʻgaragi aʼzolari bir guruh taniqli shoir va yozuvchilar bilan uchrashuvi maroqli oʻtdi.
Tuman yosh havaskor qalamkashlarning “Qaqnus” toʻgaragi 2011-yildan buyon faoliyat koʻrsatib kelayotir. Shu davrda toʻgarak ishtirokchilari orasidan bir qancha talantli yosh ijodkorlar yetishib chiqdi. Oʻtgan yili toʻgarak qatnashchilaridan 8 nafari oliy oʻquv yurtining filologiya, 2 nafari jurnalistika yoʻnalishlariga oʻqishga kirdi. 8 nafarining birinchi kitoblari bosilib chiqdi.
Toʻgarak aʼzolari turli ijodiy tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelayotir. Oʻtgan yili ikki nafar oʻquvchi “Yosh kitobxon” koʻrik-tanlovining respublika bosqichida ishtirok etdi.
Ushbu toʻgarakning ijod sirlaridan saboq olgan yosh shoir Salohiddin Okanov davlatimizning yuksak mukofoti “Mard oʻgʻlon” unvoni bilan taqdirlandi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi huzuridagi “Ijod” fondi hisobidan “Choʻlpon” nashriyotida “Eng chiroyli uy” nomli sheʼriy toʻplami chop etildi.
Tuman “Gʻallaorol ovozi” gazetasi tahririyati bilan yaqin hamkorlik qilib kelayotgan toʻgarakda ijodkor yoshlar soni yil sayin koʻpayib borayotir. Ayni paytda toʻgarakka qatnashayotgan 150 nafar oʻgʻil-qizning badiiy ijod va publitsistika yoʻnalishidagi mashqlari tuman, viloyat, respublika bosma nashrlarida, internet sahifalarida muntazam chop etib borilmoqda.
– Tuman rahbarlarining eʼtibori bilan toʻgaragimizda respublikamizning taniqli ijodkorlari bilan uchrashuvlar, adabiy-badiiy tadbirlar muntazam oʻtkazib kelinayotir, – deydi toʻgarak rahbari, yosh shoir, Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Beknazar Qorajonov. – Ushbu navbatdagi uchrashuv ham tuman gazetasi muharriri Aburasul Otamurodov tashabbusi va tuman hokimligining qoʻllab-quvvatlashi bilan tashkil etildi. Bizning taklifimizga rozilik bildirib Toshkentdan tashrif buyurgan ustoz ijodkorlardan behad minnatdormiz.
Bahorning birinchi kuni, xalqimizning sevimli shoirasi Zulfiya tugʻilgan kunida oʻtkazilgan ijodiy uchrashuvda psixologiya fanlari nomzodi, shoir Mahmud Yoʻldoshev, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Asror Moʻmin, yuridik fanlari doktori, professor Ayubxon Muhammadiyev, taniqli yozuvchi va shoirlar – Ergash Muhammad, Rustam Gʻaniyev, Turob Niyoz, Bahriddin Qoʻshmonov, Shodi Otamurod, Mehribon Abdurahmonova hamda viloyatdagi ijodkorlar, jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ustozlar, yoshlar 1-mart – sevgi-muhabbat va sadoqat timsoli boʻlgan Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya tavallud kuni munosabati bilan shoira ijodidan namunalar, unga bagʻishlangan sheʼrlar oʻqishdi. Koʻtarinki kayfiyatda oʻtgan samimiy muloqot bilan boshlangan uchrashuv chinakam sheʼriyat bayramiga aylandi.
– Bahorning birinchi kuni, 1-mart – zamonamizning atoqli shoirasi Zulfiyaxonim tavalludining 105-yilligi munosabati viloyatimizda haqiqiy sheʼriyat bayrami sifatida nishonlandi, – deydi viloyat hokimi oʻrinbosari Botir Toʻxtamishev, – Sana munosabati bilan Hamid Olimjon va Zulfiya bogʻida, barcha taʼlim muassasalarida, kutubxonalarda adabiy-badiiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Bu tadbirlarda xalqimizning, ayniqsa, yoshlarimizning, milliy madaniyatimizga, adabiyotga, sheʼriyatga, kitobxonlikka boʻlgan muhabbatini koʻrish juda quvonchlidir.
Tadbirda poytaxtdan kelgan ijodkorlar yoshlarga oʻzlarining kitoblaridan sovgʻa qildi.