Ijodkor so‘zini ixtiro deb qabul qilsak arziydi
Jamiyatning turli jabhasida ixtirochi va kashfiyotchilar ko‘p chiqadi.
Deylik, fizika, kimyo, mehnat munosabatlari, iqtisodiyot va huquq sohasi kabi inson omili ishtirok etayotgan tarmoqlarda dunyo bo‘yicha kunda yoki kunora katta-kichik ixtirolar sodir bo‘ladi. Ulkan ahamiyatga ega kashfiyotlar dunyo miqyosida tarqalib, tilga tushadi. Lekin ana shunday ixtirochilar orasida bir kasb egalari borki, ularning har bir ishini, nazarimda kichik ixtiro sifatida qabul qilishimiz lozim.
Bular – “so‘z zargarlari”, ijodkorlardir!
Bejizga ijodkorning har bir so‘zini jamiyatda bong uruvchi muhim qo‘ng‘iroq deyishmaydi. Shu ma’noda ijodkorning so‘zini ixtiro deb qabul qilsak arziydi.
Chunki, hayotda ochiqlik va adolat tamoyilini ta’minlashda ularning xizmati beqiyos. Deylik, davlatimiz rahbari boshlab bergan mamlakatimizdagi ochiqlik va oshkoralik, shaffoflik, davlat tashkilotlarining xalq manfaatlari uchun xizmat qilishi tamoyili to‘kis amalga oshishida ommaviy axborot vositalari ijodkorlari chinakam xizmat ko‘rsatayotganligini barchamiz ko‘rib turibmiz.
Ommaviy axborot vositalarida ko‘tarilayotgan har bir muammo va kamchiliklar tegishli idoralar tomonidan o‘rganilishi, hal etilishi kabi jarayonlarga ko‘nikkanimiz va bu jarayon barcha sohalarga naf keltirayotgani davlatimiz rahbari ta’kidlagan xalqni rozi qilishdek ulkan maqsadimizning amaliyotga joriy etilayotgani dalolatidir.
Prezidentimizning 2019 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida davlat tashkilotlarida axborot xizmatlari tashkil etildi.
Bu bejizga emas. Mazkur qaror negizida davlat tashkilotlarining ommaviy axborot vositalari bilan yaqinligini ta’minlash, shu orqali aholining sohalar bo‘yicha axborotga bo‘lgan talabini qondirish, shuningdek, turli axborot xurujlariga davlat idoralarining munosib javob berishi uchun imkon yaratishdek maqsadlar yotibdi.
Shu ma’noda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi barcha ommaviy axborot vositalari bilan keng ko‘lamli hamkorlikni yo‘lga qo‘yganini ta’kidlab, ta’bir joiz bo‘lsa, turli axborot kurashlarida jurnalistlarning veterinar va chorvadorlarga ko‘makka kelganini, aholi orasidagi ba’zi anglashilmovchiliklarni hal etishda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borganini alohida e’tirof etamiz.
Bahrom NORQOBILOV,
Veterinariya va chorvachilikni
rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi.