14 fevral–Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun
Amir Temurning beshinchi avlodi, Farg‘ona viloyati hokimi Umarshayx Mirzoning farzandi, ulug‘ shoir, mutafakkir, tarixchi shoh va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yil 14 fevralda Andijonda tavallud topdi.
Bobur barcha temuriy shahzodalar kabi maxsus tarbiyachilar, yirik fozilu ulamolar ustozligida harbiy ta’lim, fiqh ilmi, arab va fors tillarini o‘rgandi. Yoshligidan ko‘plab tarixiy va adabiy asarlar mutolaa qildi, ilm-fanga, she’riyatga qiziqa boshladi. Dovyurakligi va jasurligi uchun Bobur “Sher”laqabini oldi.
Otasi 39 yoshida fojiali vafot etgach, 12 yoshida valiahd sifatida taxtga o‘tirdi. U paytlardagi Farg‘ona viloyatining sarhadi hozirgi Farg‘ona viloyatining hududiga qaraganda boshqacha bo‘lgan. Uning Sharqi – Qashg‘arga, G‘arbi Samarqandga janubi Badaxshon tog‘lariga, shimol tomoni Olmaliq va Olmaota shaharlariga borib taqalgan.
Bobur otasi yo‘lidan borib mashhur sufiy – Xoja Ahrorga ixlos qo‘ydi va uning tariqati ruhida voyaga yetdi. “Boburnoma” asarida Bobur Xoja Ahrorga ixlosi bir necha bor uni muqarrar halokatdan xastalik va chorasizlikdan xalos etganini eng og‘ir sharoitlarda rahnamodek bo‘lganini ta’kidlaydi.
Movarounnahr XV asr oxirida o‘zaro nizolashayotgan temuriy shahzodalar yoki mulkdor zodagonlar boshchilik qilib turgan deyarli mustaqil bo‘lib olgan ko‘plab viloyatlarga bo‘linib ketgan, taxt uchun kurash avjga chiqqan, turli siyosiy fitnalar uyushtirilayotgan edi.
Bundan tashqari, Umarshayx Mirzoga tobe’ bir necha bek va hokimlar yosh hukmdorga bo‘ysunishdan bosh tortadilar. Ularning ayrimlari Boburning ukalarini yoqlasa, ba’zilari mustaqillik da’vosini qiladi. Yana boshqa birlari Boburga raqib, boshqalari amaki va tog‘alariga qo‘shilib uni o‘ldirishga tushadi.
Qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nizolar oqibatida Bobur 1504 yilning iyun oyida Movarounnahrni tashlab, yaqinlari va o‘ziga sodiq bo‘lgan navkarlari hamrohligida Afg‘onistonga o‘tib ketadi. U yerdagi ichki nizolardan foydalanib, G‘azna va Qobulni egallagach, mustaqil davlat qurishga jadal kirishadi, qo‘shinni tartibga keltiradi, qattiq ichki intizom o‘rnatadi. Bobur Afg‘onistonda el obodonligi va ravnaqi yo‘lida jon kuydiradi, uning manfaatlari yo‘lida odilona va oqilona ish tutadi.
Afg‘onistondagi faoliyati davomida butun Xuroson va Movarounnahrda qudratli davlat boshlig‘i, muzaffar sarkarda sifatida katta obro‘ orttiradi. Mintaqadagi siyosiy hayot e’tiborli o‘ringa ko‘tarildi. 1507 yil boshlarida Bobur Hindistonga yurish boshlaydi. Ammo urinishi muvaffaqiyatsiz tugab, poytaxt Kobulga qaytadi.
1519 yil bahoriga kelib, Hindistonni zabt etish rejalarini amalga oshirishga kirishadi va keyin 5-6 yil mobaynida bir necha yurishlar uyushtiradi. Nihoyat 1526 yilning aprel oyida Paninpatda asosiy raqibi – Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diyning 100 ming kishilik qo‘shinini 12 ming askar bilan mag‘lubiyatga uchratib, Dehlini egallaydi.
Oradan ko‘p o‘tmay, ikkinchi yirik hind sarkardasi Rano Sango ustidan ham zafar qozonib, shimoliy Hindistonning Bengaliyagacha bo‘lgan qismini o‘ziga bo‘ysundirib oladi. So‘ngra Hindistonning ko‘pgina o‘lkalarini zabt etadi.
Bobur bolalik chog‘laridanoq nihoyatda sog‘lom, binobarin sho‘x tabiatli chapdast yigit bo‘lib o‘sgan.
Boburning qizi Gulbadanbegimning “Humoyunnoma” asarida keltirilishicha, Bobur Hindistonda Agra shahrini egallagach, xursandchilikdan bo‘lsa kerak qal’a devoriga chiqib, ikki yigitni ikki qo‘ltig‘ida dast ko‘tarib, devor ustida yugurgan. Agrani o‘ziga poytaxt sifatda tanlagan Bobur bu mamlakatda katta qurilish va obodonlashtirish ishlarini boshlab yuboradi.
Shu tariqa Hindistonda uch yarim asrga yaqin hukm surgan qudratli boburiylar sulolasiga asos soladi. Afg‘onistonda bo‘lganidek, u Hindistonda ham ko‘plab ijtimoiy xayrli ishlarni amalga oshiradi, mamlakat taraqqiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Uning maqsadi – parchalanib ketgan yurtni birlashtirib, ulug‘ saltanat qurish bo‘lgan.
O‘sha paytda Hindistonda besh musulmon va ikki nafar g‘ayridin podshoh hukm surar, bundan tashqari, tog‘lar va changalzorlar ichida ko‘plab roja va beklar bor edi. Rono Sango bilan bo‘lgan jangda Boburning buyuk sarkardalik mahorati yaqqol namoyon bo‘ldi. Yerni larzaga solib o‘kirib kelayotgan dushman fillariga nisbatan Bobur bobosi – Amir Temur ishlatgan usulni qo‘llab, yondirilgan kajava – g‘ildiraklarni fillar tomonga yumalatib yuboradi.
Olovdan qo‘rqib ketgan fillar orqaga burilib, saf-saf bo‘lib kelayotgan piyoda askarlarni eza boshlaydi. U to‘liq g‘alaba qozonadi.
Bobur Mirzo qayerda va qay bir davlatda bo‘lmasin, adabiyot va tarix, musiqa va san’atdan yaxshi xabardor bo‘lgan olimu fozillar davrasida ishtirok etdi. Xususan, ijod ahliga, kasb-hunar sohiblariga samimiy ehtirom ko‘rsatdi, homiylik qildi, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirib turdi.
Bobur umrining oxirigacha samarali ijodiy ish bilan shug‘ullandi, har qanday sharoit va vaziyatda ham ijoddan to‘xtamadi, natijada har jihatdan boy ilmiy va adabiy meros qoldirdi. Shoir ijodida kindik qoni to‘kilgan ona yurtini dil-dilidan qo‘msash, uning tuprog‘iga talpinish, taqdir zarbalari va turmush uqubatlari, zamona nosozliklaridan nola badiiy talqin etiladi.
Ijod va ilhom...
Bobur 18-19 yoshlarida ruboiy va g‘azallar yoza boshlagan. Uning “Topmadim” radifli g‘azali va “Yod etmas emish kishini g‘urbatda kishi” misrasi bilan boshlanuvchi ruboiysi o‘sha yillardagi hayoti bilan bog‘liq. Bobur nomini dunyoga mashhur qilgan shoh asari “Boburnoma” ustidagi ijodiy ishini 1518-1519 yillarda boshlagan.
Hindiston yurishlari davrida Bobur “Mubayyin” asarini yaratdi. Masnaviy tarzida yozilgan islom huquqshunosligi va shariat aqidalariga bag‘ishlangan bu asarda Movarounnahr va Hindistonga oid o‘sha davr ijtimoiy-iqtisodiy hayoti bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlar jamlangan. Boburning yuqorida keltirilgan asarlaridan tashqari “Xatti Boburiy”, shuningdek, musiqa san’ati va harb ishlariga bag‘ishlangan qator risolalari ham bo‘lgan.
“Xatti Boburiy”da muallif arab alifbosini tahrir etib, yozuvni soddalashtirish va osonlashtirish maqsadida turkiy til va talaffuz mezonlariga moslashtirgan. 1526 yilning dekabr oyida Boburga qarshi suiqasd uyushtiriladi. Mahv etilgan Ibrohim Lo‘diyning onasi oshpazlar bilan til biriktirib, uning ovqatiga zahar qo‘shtiradi. Shuning asorati hamda ko‘p yillik mashaqqatli va qo‘nimsiz hayot ta’sirida Bobur tez-tez kasalga chalinib turadi.
1527 yil oktyabr oyida Bobur yana xastalikka uchragach, umrining oxirlab qolganini his etadi. Shunda u o‘zi ixlos qo‘ygan Xoja Ahror Valiyning nasrda bitilgan “Volidiya” asarini she’riy tarjima qiladi. Boburning mohir tarjimon sifatidagi qobiliyati namoyon bo‘lgan 243 baytli bu asar katta ijodiy ilhom bilan juda qisqa muddatda yakunlangan.
Boburning o‘z e’tiroficha tarjima tugashi hamonoq u sog‘ayib ketgan. Bu yillarda u “Boburnoma” fasllari ustida ishlashni davom ettiradi, yangi-yangi g‘azal va ruboiylar yaratadi.
Bir necha muddat oldin taxtni Humoyunga topshirgan Bobur 1530 yil 26 dekabrda o‘zi asos solgan saltanat poytaxti Agrada vafot etdi va o‘sha yerda dafn etildi.
Keyinchalik – 1539 yilda uning vasiyatiga muvofiq xoki Kobulga keltirilib, o‘zi bunyod ettirgan “Bog‘i Bobur”ga qo‘yildi.
Boburning ulug‘ asari “Boburnoma” bo‘lib, u “Vaqoye” deb ham nomlanadi. Buyuk memorial asarda 1494-1529 yillari Markaziy va Kichik Osiyoda, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida kechgan voqealar bayon yetilgan. “Boburnoma”ning o‘ndan ortiq qo‘lyozma nusxalari bor.
1826-1985 yillar davomida “Boburnoma” to‘rt marta ingliz, uch marta fransuz va bir marta nemis tiliga o‘girilgan. Boburning soliq ishlari haqida ma’lumot beruvchi “Mubayyin ul-zakot”, aruz vazni haqidagi “Risolai aruz” kabi asarlari bor.
Zahiriddin Muhammad Boburning dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan asarlari, g‘azal va ruboiylari yosh avlodni Vatanga, ona yurtga sadoqat ruhida tarbiyalashda katta ahamiyat kasb etib kelmoqda.
A.RUSTAMOV tayyorladi, O‘zA