Ijod, izlanish, tafakkur maydoni
Bugun tasviriy va amaliy san’at sohasida izlanayotgan yoshlarning o‘y-xayoli nimalar bilan band? Ularning yurtimiz milliy tasviriy san’atida tutgan o‘rni qanday? O‘zbekistonda nafis san’atga ko‘rsatilayotgan e’tibor amalda qanday samara va natija bermoqda?
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tashkil etilayotgan Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali ana shunday savollarga javob qaytarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Poytaxtimizdagi O‘zbekiston Milliy matbuot markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mazkur yirik ijodiy haftalikning bu yilgi o‘ziga xos jihatlari haqida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, xalq rassomi Akmal Nuriddinov, festival direktori Orziqul Ro‘ziyev mazkur ijodiy loyihaning bo‘lg‘usi tafsilotlari haqida atroflicha gapirdilar.
Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi, 2021 yil – “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”ga bag‘ishlangan festival “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida o‘tkazilishi bilan e’tiborga molikdir.
Bu yilgi festivalda yoshlarning iste’dodini aniqlash bilan birga Badiiy akademiyaning hududiy bo‘limlari tasarrufida ijod qilayotgan mo‘yqalam sohibalari, qo‘li gul ustalar ijodini keng namoyish etishga alohida e’tibor qaratiladi.
Festival tadbirlari Markaziy ko‘rgazmalar zali va unga tutash hududlar, Toshkent Fotosuratlar uyi, Xalqaro madaniyat karvon saroyi, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi kabi maskanlarda bo‘lib o‘tadi. Shu bilan birga, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti, Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabi ham qiziqarli ko‘rgazmalarni muxlislarga taqdim etadi.
Matbuot anjumanida mazkur festival bilan birga Badiiy akademiya faoliyati, xorijda ijod qilayotgan mo‘yqalam sohibalari, tadbir ishtirokchilari ishlarini baholash va boshqa mavzularga oid savollarga batafsil javob qaytarildi.
Nazokat Usmonova, O‘zA