Ijod ahlining ezgu va xayrli ishlari
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorlik, xalqimiz ma’naviyati va tafakkurini yuksaltirish, yurtdoshlarimiz ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish jarayonlarida ijod ahli, xususan, yozuvchi hamda shoirlar ham faol ishtirok etmoqda. Ular o‘z asarlari, ijodiy ishlari bilan xalqimizni bunyodkorlik, ezgu va xayrli ishlarga ilhomlantirmoqda, safarbar etmoqda. Bu borada andijonlik ijodkorlarning, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limining samarali faoliyatini alohida e’tirof etish o‘rinli.
Uyushma viloyat bo‘limi tomonidan ijod ahlini, ayniqsa, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borildi. Shu bois ham yakunlangan 2022 yil andijonlik yozuvchi va shoirlar uchun muvaffaqiyatli yillardan biri bo‘ldi.
– Yakunlangan yilda ijodkorlarimiz, xususan, uyushmamiz a’zolari barakali ijod qildi, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari, “Shuhrat” medali sohibasi Xurshida Vahobjon qizi. – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, “Do‘stlik” ordeni sohibi Farid Usmonning “Tunda chopgan oq tulpor”, shoira Zamira Ro‘ziyevaning “Vasfingda Andijonim” nomli kitoblari nashr etildi. Bundan tashqari, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi o‘quvchilarining “Yoshlik bayozi” to‘plami, keksa ijodkor Muzaffarxon Mamatxonovning “Aytarim bordir mening”, yosh ijodkor Mavluda Azimovaning “Bahor vasli” nomli kitoblari ham kitobxonlarga taqdim etildi.
Umuman keyingi yillarda uyushma a’zolari, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Qamchibek Kenjaning “Boburiylardan biri”, “Do‘stlik” ordeni sohibi Farid Usmonning “Xonlar tarixi”, “Iblisning qaytishi”, “Koronavirus qichqirig‘i”, Hanifa Solihovaning “Samoviy harorat”, “Shuhrat” medali sohibi Zamira Ro‘ziyevaning “Ziynatbog‘”, Munavvara Tillaboyevaning “Hur Vatan farzandiman”, Abdumutal Abdullayevning “Uch dona lola”, Omina Tojiboyevaning 7-tomli “Saylanma” kitoblari chop etildi. Habib Siddiqning “Nimkosa” nomli asari esa qirg‘iz tiliga tarjima qilinib, Qirg‘izistonda kitob holida nashr qilindi.
[gallery-10203]
Shuningdek, milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, mehr-oqibat, ezgulik, bunyodkorlik hamda yuksak insoniy tuyg‘ular tarannum etilgan Asadulla Mirzaakbarovning “Oqibatli odamlar”, “Vasvasa”, “O‘sha o‘shaman”, Ikromjon Asliyning “Mahobatli ishq”, “Satplarda hayotim”, Hilola Mamajonovaning “Charos”, Shukrullo Ne’matovning “Orangizda onam bo‘lsaydi”, Avaz Abdusalomning “Sadoqat”, Qudratilla Hakimovning “Hazrati inson”, Umida Egamberdiyevaning “Muqaddima”, Nishonboy Boltaboyevning “Qalb tug‘yonlari”, Jalaquduq tumani yosh ijodkorlarining “Yangi O‘zbekiston nihollari”, Xolida Hasanovaning "Tomchilar", Guluruxsor Ummatovaning “Baxt chizgilari”, Akmal Abdurahmonovning “Sohir she’riyat”, Ne’matjon Mamajonovning “Onamning ro‘moli” nomli kitoblari ham kitobxonlar, keng jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi.
Andijonlik ijodkorlar turli tanlovlarda ham faol ishtirok etdi. Jumladan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan “Ayolga ehtirom” tanlovida Zamira Ro‘ziyeva faxrli uchinchi o‘ringa sazovor bo‘lgan bo‘lsa, “Yil ayoli” Respublika milliy tanlovining viloyat bosqichida Xurshida Vahobjon qizi “Yilning eng faol ijodkor ayoli” deb e’tirof etildi. Bundan tashqari, yosh ijodkor Iroda Orifjonova Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan “Ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha yilning eng faol targ‘ibotchisi” respublika tanlovining “Yilning yosh targ‘ibotchisi” nominatsiyasi g‘olibasi bo‘ldi.
Ijodkorlarning samarali faoliyati e’tirof etilib, bir guruh ijodkorlar davlatimizning turli mukofotlariga munosib ko‘rildi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Zokirjon Mashrabov "Ma’naviyat fidoyisi" ko‘krak nishoni, Zamira Ro‘ziyeva xalqaro Bobur mukofoti, Odil Abdurahmon 1-darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni, shuningdek, yosh ijodkorlar Shahlo Hamidova va Sardor Sirojiddin "O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi" esdalik nishonlari bilan taqdirlandi.
– Ijodim, olib borayotgan ishlarim e’tirof etilib, "O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi" esdalik nishoni bilan taqdirlanganligimdan behad mamnunman, – deydi yosh ijodkor Sardor Sirojiddin. – Bunday e’tirof, e’tibor, ayniqsa, men kabi yosh ijodkorlarga ilhom, kuch va shijoat bag‘ishlaydi. Ishda, ijodda yanada faol bo‘lishga undaydi.
Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan ta’lim muassasalari, mehnat jamoalarida ko‘plab adabiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ana shu tadbirlarda kitob o‘qish, kitobxonlik masalalari keng targ‘ib etilmoqda. Aholi, ayniqsa, yoshlarga kitobning, adabiyotning inson hayoti va kamolotidagi o‘rni va ahamiyati xususida keng ma’lumotlar berilmoqda.
Ayni kunda Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi qoshidagi “Bobur izdoshlari”, shoir Nusrat Abdusalom rahbarligidagi “Yog‘du” aruz maktabi, ijodkor G‘ani Majid rahbarligidagi “Nihol”, Ro‘zixon Iminov rahbarligidagi “Ummon” singari adabiy to‘garaklar faoliyati ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ijodiy bilim va salohiyatini yuksaltirish, ayniqsa, yosh ijodkorlarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, yurtimizda ijod ahliga ko‘rsatilayotgan e’tibordan ruhlangan andijonlik ijodkorlar joriy “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da ham yanada samarali ijod kilishni, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda faol ishtirok etishni maqsad qilishgan.
Faxriddin UBAYDULLAEV,
Zuxriddin UMRZOQOV (foto),O‘zA