Ijarada yashayotganlarga yashash hududiddagi mahalladan moddiy yordam ajratiladimi?
Samarqand viloyatida doimiy roʻyxatda turaman.
Dolzarb savolga batafsil javob
Samarqand viloyatida doimiy roʻyxatda turaman. Hozirda Toshkent shahrida ijarada yashayman. Karantin munosabati bilan ishsiz qoldim. Men ham Toshkent shahridagi Homiylik markazidan oziq-ovqat yordami olsam boʻladimi? Pul mablagʻlarichi?
Bu va shunga oʻxshash savollarning ayni vaqtda koʻpligini hisobga olib ushbu savolga Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva javob beradi.
“Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzuridagi Homiylik, xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlari faoliyatida bu kabi holatlar juda koʻp uchrab turadi. Mavjud amaliyotga koʻra, homiylik yordamlari fuqaroning ayni vaqtda yashab turgan manziliga yetkazib beriladi. Yaʼni fuqaro maʼlum bir joyda doimiy roʻyxatda turishi yoki turmasligidan qatʼi nazar hozirda yashab turgan uy manziliga yuboriladi.
Shaxslar homiylik mahsulotlarini olishi uchun avvalo, yashab turgan hududidagi fuqarolar yigʻiniga murojaat qilishi tavsiya etiladi. Shuningdek, mamlakatimiz miqyosida yagona hisoblanuvchi 1197 qisqa raqamlari yoki hududlardagi Homiylik, xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlarining “Call center” markazlariga telefon orqali murojaat qilinadi. Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligida ham aholiga yana-da qulaylik yaratish, homiylik mahsulotlarini aholiga yetkazish, bu borada aholi murojaatlarini qabul qilish maqsadida ishonch telefonlari faoliyat yuritmoqda. (71) 203-01-21 raqamli mazkur telefon raqamlariga har kuni 9:00 dan 17:00 ga qadar qoʻngʻiroq qilib murojaatlaringizni qoldirishingiz mumkin.
Homiylik pul mablagʻlarini aholiga yetkazish Oʻzbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi, fondning hududiy boʻlinmalari huzurida tashkil etilgan “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Mazkur pul mablagʻlari tegishli tartibda “Mahalla” fondi Vasiylik kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shahar kengashlarining tasdiqlangan qaror va roʻyxatlari asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj, koʻp farzandli oilalar, nogironligi boʻlgan, yolgʻiz yashovchi, shuningdek, vaqtincha ishsiz fuqarolarga beriladi. Bundan xulosa shuki, naqd pul koʻrinishidagi moddiy xayriya yordamlarini koʻrsatish fuqarolarning doimiy roʻyxatdan oʻtkazilgan manzili boʻyicha amalga oshiriladi"