Ijarada ish yuritgan tadbirkorga bino ajratildi
Buxoro viloyati Kogon shahrida «Rubin Orzu Tekstil» oilaviy korxonasini ijara joyda yuritib kelgan Umida Abdurashidovaning bugun quvonchi cheksiz. Chunki, viloyat 4-sektor ishchi guruhi tashabbusi bilan unga yaqindan amaliy ko‘mak berildi.
Tadbirkorning shu paytgacha doimiy ishlash binosi bo‘lmaganligi sababli 4-sektor ishchi guruhidan bino topishda amaliy ko‘mak berishlarini so‘ragan. Sektor ishchi guruhi hamda Kogon shahar tegishli tashkilot vakillari bilan kelishilgan holda Umida Abdurashidovaga ilgari mahalla maskani bo‘lgan, ayni paytda foydalanilmay turgan binoni qayta ta’mirlab, tekin foydalanish uchun berildi.


Zamonaviy tikuv mashinalari bilan jihozlangan tikuv sexida o‘ndan ortiq xotin-qiz turli ko‘rinishdagi yostiqlar, ko‘rpa to‘shaklar va ularning jildlarini, ayollar kiyimlarini tikib kelmoqda. Tadbirkor ayni paytda mahsulotlarini ichki bozorlarga sotmoqda. Tez fursatda chet davlatlarga ham eksport qilish niyatida.
– Soliq organlari xodimlarining yaqindan ko‘magi natijasida, biznes uchun qulay bo‘lgan joydan binoga ega bo‘ldim, – deydi Umida Abdurashidova. – Bundan tashqari mutasaddilar 4 nafar doimiy ishchi topishda ham ko‘maklashdi. Bundan ilhomlanib, faoliyatimni yanada kengaytirib, zamonaviy tikuv mashinalari sonini 20 taga yetkazish va shu orqali qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishni maqsad qilib qo‘ydim.
Zarif Komilov, O‘zA