IIVning uch avlodi Samarqandda uchrashdi
Samarqandda “Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari” shiori ostida “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi boshlig‘ining maslahatchisi, general-leytenant Bahodir Matlyubov, vazirlik faxriylar kengashi a’zolari, viloyat ichki ishlar tizimi faxriylari, yosh xodimlari hamda talaba yoshlar ishtirokida o‘tgan uchrashuvda soha faoliyati, bugungi kungacha bo‘lgan jarayon hamda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z bordi.
Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Shavkat Rahmonov uchrashuvga tashrif buyurgan mehmonlarning ibratli faoliyati, samarqandlik faxriy rahbarlar haqida ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng mehmonlar o‘z faoliyatidagi e’tiborli voqealar, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlarning ahamiyati, bugungi kunda xodimlar oldida turgan vazifalar yuzasidan fikr almashdi.
– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Yangi O‘zbekiston – yangi ichki ishlar organlari” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Uch avlod uchrashuvi”dan ko‘zlangan asosiy maqsad tizimda faoliyat olib borayotgan yosh xodimlarga, ichki ishlar organlariga xizmatga kirish orzusidagi yoshlarga sohaning mohiyatini anglatish, uning mas’uliyati va sharafini chuqur singdirishdan iborat, – deydi O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi professori, polkovnik Sharif Qobilov. – Jaloliddin Rumiy “menga aql o‘rgatadigan emas, o‘zining ibratli faoliyati bilan o‘rnak bo‘ladigan insonlar kerak” degan ekan. bugungi tadbirimizda ham tizimda samarali mehnat qilib, o‘zidan munosib iz qoldirgan fidoyi xodimlar yosh avlodga o‘zlarining uzoq yillik faoliyatlari davomida boshidan o‘tkazgan qiyinchiliklar, murakkab vaziyatlar va albatta, erishgan muvaffaqiyatlari haqida gapirib berdi. Jumladan, ko‘p yillar davomida vazir, vazir o‘rinbosari, akademiya boshlig‘i lavozimlarida mehnat qilgan general-leytenant Bahodir Matlyubov, vazir o‘rinbosari, boshqarma boshlig‘i vazifalarida faoliyat yuritgan general-mayor Raim Karimov, uzoq yillar tizimda turli lavozimlarda mehnat qilgan polkovnik Avaz Azizxo‘jayevlarning ibratli hayoti va faoliyati bugungi yosh xodimlarga, sohaga qiziqayotgan yoshlarga o‘ziga xos motivatsiya beradi. O‘ylaymanki, uchrashuv davomida faxriylarimiz ta’kidlab o‘tgan maslahatlar, o‘z faoliyatlaridan keltirgan hayotiy misollar yosh xodimlarga ibrat bo‘ladi va ular ham ustozlari singari tizimda samarali mehnat qilib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida munosib xizmat qiladi.
[gallery-4787]
Uchrashuv davomida yosh xodimlar, IIV Samarqand akademik litseyi o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalari talaba yoshlari faxriylarga o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat qilib, sohaga oid, tizimda samarali faoliyat yuritishda ahamiyat berish lozim bo‘lgan jihatlar haqida batafsil ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ldi.
– Bobom va otam ichki ishlar tizimida faoliyat yuritib, elu yurt ichida obro‘-e’tibor qozongan, – deydi IIV Samarqand akademik litseyi o‘quvchisi Shahnoza Qo‘ziboyeva. – Shu bois, ushbu sohaga bolaligimdan qiziqish yuqori. Otam bu soha qiz bolaga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlasada, qiziqishim so‘nmadi. Maqsadimga erishish yo‘lida IIV Samarqand akademik litseyida ta’lim olayapman. bugungi uchrashuv davomida sobiq vazirlar, o‘rinbosarlar, umuman tizimda samarali faoliyat yuritib, yuksak natijalarga erishgan faxriylarning soha haqidagi fikrlarini eshitib, boshidan kechirgan voqea-hodisalarni tinglab qiziqish yanada ortdi. Albatta, kelgusida akademiyaga o‘qishga kirib, ichki ishlar sohasida ota-bobolarim singari yurtimizga munosib xizmat qilaman.
Uchrashuv yakunida general-leytenant B. Matlyubov va boshqarma boshlig‘i polkovnik Sh. Raxmonov 7 nafar faxriylarga “IIVning 30 yilligi” ko‘krak nishonini tantanali topshirdi. Shuningdek, bir guruh faxriylar va yosh xodimlarga kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA