Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda “Prezident archasi” tadbirlari hamda “Yangi yil bayrami”ning yuqori saviyada o‘tkazilishi belgilandi.
Bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish davrida jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Bu savolga IIV Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova javob berdi.
– Bayram tadbirlari davomida namunali jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida hamkorlikda barcha tashkiliy, profilaktik, tezkor-qidiruv va boshqa chora-tadbirlar belgilab olindi.
Xususan, bayram tadbirlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va tashkil etish bo‘yicha IIV Jamoat xavfsizligi departamenti monitoring va muvofiqlashtirish markazida tashkil etilgan idoralararo va shahar-tumanlarda jamoat xavfsizligi xizmati negizida tezkor shtab va ishchi guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ular tomonidan “Yangi yil archalari” hududini, yo‘l-patrul xizmati maskanlarini, jamoat tartibini saqlash xizmatining maxsus muassasalarini, huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmatining muassasalarini hamda asosiy chorraha va jamoat joylari nuqtalari onlayn kuzatilib, nazorat qilinmoqda.
25 dekabr kunidan boshlab “Prezident archasi” tadbirlari 14 ob’ektda o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, unda 7 mingdan ortiq fuqarolar ishtirok etishi kutilmoqda. Tadbirlarda xavfsizlikni ta’minlash uchun 640 nafarga yaqin shaxsiy tarkib jalb etildi.
Asosiy bayram tadbirlari mamlakat bo‘yicha 240 dan ortiq ob’ektda o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, tadbirlarda taxminan 1 million nafar fuqaro ishtirok etishi kutilmoqda.
Xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha 16 mingdan ziyod kuch-vositalar safarbar etilgan. Xodimlarga 7 ming 78 aloqa, 1 ming 482 avtotransport, 2 ming 251 metallodetektor, 677 metallorama hamda 285 bosh xizmat iti ajratilgan.
Bayram tadbirlari o‘tkaziladigan ob’ektlar atrofiga intellektual videokameralar o‘rnatilib, monitoring markazlariga integratsiya qilingan.
Tadbirlar o‘tkaziladigan joylarda adashib qolgan yosh bolalarni vaqtincha saqlash uchun xonalar tashkil etilib, ularga mas’ul xodimlar biriktirilgan.
«Prezident archasi» hamda «Yangi yil bayrami» tadbirlari o‘tkaziladigan joylarda harakat xavfsizligini ta’minlashga qariyb 2 ming nafar yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari jalb etilgan.
Bayram tadbirlari o‘tkaziladigan joylardan 150 metr uzoqlikda 324 avtoturargoh tashkil etilib, ushbu joylarning qo‘riqlanishi ta’minlanadi. Transport vositalarining tartibsiz qoldirib ketilishi va evakuatsiya yo‘llarining to‘sib qo‘yilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tadbir o‘tkaziladigan ob’ektlar atrofida tirbandliklar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida ayrim ko‘chalarga vaqtinchalik yo‘l belgilari o‘rnatilib, aylanma yo‘llar tashkil etiladi.
Favqulodda holatlar yuzaga kelganda, fuqarolar va transport vositalarining evakuatsiyasini tashkil etish maqsadida ob’ektlar oldiga 192 nuqtada maxsus texnikalar joylashtiriladi.
Aholi gavjum bo‘ladigan tungi ko‘ngilochar joylar atrofida transportni yetkazib berish xizmatlari tashkil etiladi.
Yurtdoshlarimiz va respublikamiz mehmonlari bayram kunlari barcha xavfsizlik choralariga yanada e’tiborli bo‘lib, xavfsizlikni ta’minlayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining talablariga amal qilishini so‘raymiz.
N.Abduraimova, O‘zA