IIV tizimiga navbatdagi bitiruvchilar kuzatildi
Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining Olmaliq shahridagi o‘quv bazasida kasbiy tayyorgarlik fakulteti tinglovchilarining tantanali bitiruv tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda vazirlik mas’ul xodimlari, institut rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, keng jamoatchilik vakillari, ichki ishlar organlari faxriylari, ota-onalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.


So‘zga chiqqanlar tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar ichki ishlar organlari zimmasiga yuklatilgan asosiy va zamon talablari asosida qo‘yilayotgan yangi vazifalarni samarali bajarilishini ta’minlay oladigan, xususan, ichki ishlar organlari xodimlaridan yuksak ma’naviy, axloqiy, kasbiy fazilatlarga ega bo‘lgan professional mutaxassis kadrlar bo‘lishni talab qilayotganini ta’kidladi.
Bugungi kunda institutda “Yo‘l-patrul faoliyati”, “Patrul-post xizmati faoliyati”, “Pasport tizimini ta’minlash faoliyati”, “Maxsus operatsiyalarni amalga oshirish faoliyati”, “Jazoni ijro etish faoliyati” kabi yo‘nalishlarda maxsus besh oylik dastur asosida belgilangan qabul kvotasi bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. O‘quv mashg‘ulotlari vazirlik sohaviy xizmatlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari asosida tashkil etilmoqda.


Nazariy va amaliy mashg‘ulotlar Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari va sohaviy xizmatlarning tajribali amaliyot xodimlari tomonidan nafaqat an’anaviy usullarda, balki zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llagan holda o‘tiladi. Ayniqsa, interfaol usullarni qo‘llagan holda tashkil etiladigan davra suhbatlari, munozaralar, seminar-trening va amaliy mashg‘ulotlari ham olib borilmoqda.
Navbatdagi o‘qish davomida ham tinglovchilarning kasbiy, huquqiy, ijtimoiy-siyosiy, jangovar, jismoniy, ruhiy, tibbiy tayyorgarligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi. Tadbirda o‘quv dasturlari talablarini to‘liq o‘zlashtirgan, yakuniy sinov-imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirgan 227 nafar tinglovchilarga diplomlar tantanali ravishda topshirilib, ularga “kichik serjant” maxsus unvoni berildi.


– Juda hayajondaman, bugun biz uchun unutilmas kun, – deydi Kasbiy tayyorgarlik fakulteti tinglovchisi, kichik serjant Shohruh G‘ulomov. – Hayotimdagi katta maqsadlardan biriga erishdim. O‘quv yig‘ini davri juda yaxshi o‘tdi. Endilikda biz davlatimiz va xalqimiz tomonidan oldimizga qo‘yilayotgan vazifalarni amalga oshirishga harakat qilamiz. Yaqinlarim juda xursand bo‘ldi.

Shuningdek, o‘quv kursi davomida o‘zining kasbiy, bilimlarini oshirish, amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish, dunyoqarashini yanada kengaytirishga intilib, yuqori ko‘rsatkichlarga erishgani va namunali xulqi uchun bir guruh tinglovchilar faxriy yorliq bilan taqdirlandi.
A.Musayev, O‘zA