Davlatimiz rahbarining joriy yil 30 maydagi “Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, mamlakatimizda 6 iyun kuni Qurbon hayiti bayrami keng nishonlanadi.
Hayit namozlari o‘qiladigan paytda xavfsizlik qanday ta’minlanadi? Bu savolga Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti axborot xizmati rahbari Muzifa Sultonova javob berdi:
– Masjidlar va ularning atrofidagi hududlarda fuqarolarning xavfsizligi ta’minlanib, jamoat tartibining buzilishi hamda favqulodda holatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmasligi to‘liq nazoratga olingan.
Respublikamiz hududidagi jami 2 ming 91 masjidda ertalabki soat 05:00 dan hayit namozlari o‘qiladi va ularda taxminan 2 million nafardan ortiq kishi qatnashishi kutilmoqda.
Hayit namozi o‘qiladigan masjidlarda jamoat tartibini saqlash hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga 17 mingdan ortiq ichki ishlar organlari, mingdan ziyod Milliy gvardiya va 2 mingdan ortiq Favqulodda vaziyatlar vazirligining xodimlari va harbiy xizmatchilari jalb etilgan.
Tadbir o‘tkaziladigan masjidlarda 15 mingdan ziyod videokuzatuv kameralari mavjud bo‘lib, hududiy ichki ishlar organlariga integratsiya qilingan.
Avtomobil yo‘llariga yondosh joylashgan masjidlar atrofidagi yo‘llarda transport vositalari harakatini vaqtincha cheklash choralari ko‘rilib, hayit namozi o‘qiladigan masjidlardan 150 metr uzoqlikda alohida avtoturargohlar tashkil etildi.
Shuningdek, respublika hududidagi 9 ming 421 qabristonga fuqarolarning tashrif buyurishlarini inobatga olib, jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 10 mingdan ortiq huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va harbiy xizmatchilari jalb etiladi. Barcha yirik qabristonlarga tashrif buyuradigan ziyoratchilar avtotransportlari uchun alohida avtoturargohlar tashkil etildi.
Qayd etib o‘tish kerakki, tadbirlar tinch, osuda o‘tishi har bir fuqaroga bog‘liq. Xavfsizlik choralariga barcha qat’iy amal qilsa, bayram tinch va osuda o‘tadi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA