Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur tashkil qilindi.
Tadbirda akademiya boshlig‘ining o‘rinbosari Sherzod Tojimetov akademiyaning maqsadi va faoliyati haqida ma’lumot berdi.
Keyingi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, o‘quv jarayoniga tatbiq qilingan ilg‘or yondashuvlar, ijobiy natijalar taqdimot qilindi.
Shundan so‘ng jurnalistlar axborot-resurs markazi, o‘quv va amaliy mashg‘ulot xonalari, sport seksiyalari, turar joy maskanlarida bo‘lib, kursant va tinglovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Professor-o‘qituvchilar va ta’lim oluvchilar bilan muloqot qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Ayniqsa, nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgan mexanizmlar, o‘quv tergov-tezkor guruhlari faoliyati, zamonaviy kriminalistik laboratoriyalar, xorij tajribasini o‘rganish va yoshlarni yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan tadbirlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
[gallery-21611]
Aytib o‘tish kerakki, IIV akademiyasi 1994 yil 2 sentyabrda Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan tashkil etilgan. 1994-2024 yillar davomida ichki ishlar organlari uchun 20 mingga yaqin malakali yosh ofitserlar, 1000 nafardan ortiq rahbar kadrlar va 12 mingga yaqin serjantlar tayyorlangan.
Ayni vaqtda ta’lim muassasasi bitiruvchilari nafaqat ichki ishlar organlarida, balki boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ham turli rahbarlik lavozimlarida xizmat qilib kelmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 15 apreldagi “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ta’lim tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Milliy va xorijiy tajribaning ilg‘or yondashuvlarini keng tatbiq qilish, tinglovchi-kursantlar uchun zamonaviy shart-sharoitlarni yaratish orqali soha uchun yetuk malakali professional kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Akademiya huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun malakali kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasiga aylandi. Kunduzgi ta’lim bakalavriatida 8 yo‘nalishda – tezkor-qidiruv, huquqbuzarliklar profilaktikasi, ekspert-kriminalistika, jazoni ijro etish, xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash, tashkiliy-shtab, probatsiya faoliyatlari hamda axborot xavfsizligi mutaxassisliklari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanmoqda.
Prezidentimizning “Raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish sohasi uchun professional kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati yo‘nalishi ham joriy etildi.
So‘ngi uch yilda ta’lim samaradorligini oshirish, nazariya bilan amaliyot uyg‘unligini ta’minlash maqsadida o‘quv jarayoniga mutlaqo yangi mexanizmlar joriy etildi. Modulli o‘qitish tizimi joriy qilinib, ta’limning 60 foizi nazariy, qolgan 40 foizi amaliy mashg‘ulotlarga yo‘naltirildi.
Akademiyaning magistratura dasturi bo‘yicha o‘qitish ichki ishlar organlari uchun zamonaviy rahbar va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlashga qaratilgan hamda ikkinchi darajadagi «tashkiliy-taktik boshqaruv», birinchi darajadagi «tashkiliy-strategik boshqaruv» va «ilmiy-pedagogik faoliyat» mutaxassisliklarida tashkil etilgan.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi 9 ta xalqaro tashkilot hamda 36 dan ortiq xorijiy turdosh oliy ta’lim muassasasi bilan ko‘p qirrali hamkorlik doirasida o‘zaro tajriba almashib kelmoqda.
Akademiyada xorijiy davlatlarning malakali mutaxassislari tomonidan 646 ta mavzuda master-klass mashg‘uloti o‘tkazilib, 1 ming 678 nafar professor-o‘qituvchi hamda 5 ming 170 nafar tinglovchi-kursantning bilim va ko‘nikmalari oshirildi.
Akademiyada ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy-axloqiy ishlar “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish — oliy burchimiz!” g‘oyasi asosida amalga oshirilayotir.
Bundan tashqari, ta’lim samaradorligini oshirish, kursantlarning zamonaviy bilimlarni puxta egallashga bo‘lgan ishtiyoqini kuchaytirish, yetuk bilim va salohiyatli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Ichki ishlar vaziri stipendiyasi, Jaloliddin Manguberdi nomidagi stipendiya, Cho‘lpon nomidagi stipendiya, “Iqtidorli kursant” hamda “Akademiya a’lochisi” ko‘krak nishonlari ta’sis etilgan.
Yaratilgan sharoitlardan unumli foydalangan kursantlar so‘nggi uch yilda nufuzli tanlov hamda sport musobaqalarida munosib ishtirok etib, jahon, Osiyo va O‘zbekiston miqyosidagi musobaqalarda 278, shundan 114 oltin, 83 kumush, 72 bronza medallarini qo‘lga kiritdi.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi ilg‘or milliy va xorijiy tajribalarni o‘zida mujassam etgan, mamlakatimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlarini yetuk malakali professional kadrlar bilan ta’minlab kelayotgan, zamonaviy infratuzilma va salohiyatga ega ta’lim muassasasi sifatida tobora yuksalib, jahonga yuz tutib bormoqda.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA