III shaxmat paralimpiadasi: 41 ta jamoa orasida O‘zbekiston-1 jamoasi kuchli o‘nlikda
Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi doirasida davom etayotgan III shaxmat paralimpiadasi musobaqalarining 2-tur o‘yinlari ortda qoldi.
III shaxmat paralimpiadasining 2-turida Ahadxon Kimsanboyev, Marsel Shayusupov, Sirojiddin Zayniddinov va Selbi Kakishovadan iborat O‘zbekiston-1 terma jamoasi AQSH para shaxmatchilariga qarshi dona surdi.

Xalqaro reytingda 20-pog‘onadan joy olgan O‘zbekiston-1 jamoasi o‘rtacha reytingda 9-o‘rinni egallab turgan AQSH terma jamoasiga qarshi mardona kurash olib bordi. Shiddatli kechgan o‘yinda tomonlar (2:2) murosa yo‘lini tanladi. Iroda va matonat timsoli bo‘lgan shaxmatchilarimizdan Marsel Shayusupov raqibiga qarshi bahsda g‘alaba qozongan bo‘lsa, Axadxon Kimsanboyev hamda Sardorbek Mamarajabov o‘z o‘yinlarida durang qayd etdi. Selbi Kakishova esa imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Mazkur turda O‘zbekiston-2 jamoasi “IPCA” jamoasiga, O‘zbekiston-3 jamoasi esa Hindiston para shaxmatchilariga yutqazib qo‘ydi.
Bugun, 13-sentabr kuni O‘zbekiston-1 jamoasi Xorvatiya para shaxmatchilari bilan ro‘baro‘ kelsa, O‘zbekiston-2 jamoasi Keniya, O‘zbekiston-3 jamoasi Bangladesh vakillari bilan to‘qnash keladi.
Bugun o‘tadigan 3-tur o‘yinlari ostonasida O‘zbekiston-1 jamoasi 3 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga 10-o‘rinni egallab turibdi.
Eslatib o‘tamiz, 31 mamlakatning 41 ta jamoasi qatnashayotgan III shaxmat paralimpiadasi musobaqalari 17-sentabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA