IESlarda raqamli ekologik monitoring tizimi qanday samara beradi?
Bugungi kunda “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiruvchi korxonalarda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur tashkilotning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i Nargis Valiyeva qayd etganidek, elektr stansiyalar atrof-muhitga ta’sir darajasiga asosan I, II va III toifalarga kiritilgan bo‘lib, barcha korxonalarda ekologik boshqaruv ISO 14001 xalqaro standarti hamda ESG (ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv) tamoyillari asosida yo‘lga qo‘yilgan.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida jamiyat 2026-yil birinchi choragida “Sustainable Fitch” agentligining ilk ESG reytingiga ega bo‘ldi. Kompaniya 50 ball ko‘rsatkichini qayd etib, barqaror rivojlanish yo‘nalishida institutsional asoslar shakllanganini namoyon etdi.
Joriy yil birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, amalga oshirilgan samarali chora-tadbirlar natijasida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 ming tonna ifloslantiruvchi moddalar hamda 300 ming tonna SO₂ tashlanmalari kamaytirildi.
Atmosferaga salbiy ta’sirni kamaytirish maqsadida qator amaliy ishlar qilindi. Xususan, “Yashil makon” dasturi doirasida bahor mavsumida ko‘chat ekish rejasi 190 foizga bajarilib, 19 ming tup daraxt va buta ko‘chatlari ekish ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, chang-gaz tozalash qurilmalarida profilaktika ishlari olib borildi, 25 ta yoqilg‘ini mexanik tozalovchi filtrlar yangilandi.
Energetika tizimida ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida 13,5 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirildi hamda avtopark bosqichma-bosqich yangilanib, 25 ta elektromobil ekspluatatsiyaga kiritildi. “Sirdaryo IES”da avariyaviy va favqulodda holatlarda mazut yoqish jarayonlarini optimallashtirish maqsadida zamonaviy emulsiya tayyorlash qurilmasi o‘rnatildi.
–Raqamli ekologik nazorat tizimini kuchaytirish bo‘yicha ham ishlar izchil davom etmoqda. Hozirgi kunda 19 ta ustuvor manba avtomatik monitoring stansiyalari bilan jihozlangan bo‘lib, ularning 11 tasi yagona axborot tizimiga integratsiya qilingan, qolgan ob’ektlar bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Sanitar-himoya zonalarida esa 13 ta ekopost o‘rnatilib, ularni yagona tizimga bosqichma-bosqich ulash ishlari olib borilmoqda. Suv resurslaridan samarali foydalanish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Hozirgi kunda 7 ta suv tozalash inshooti asosida yiliga 26 million metr kub suv tozalanib, uning 18 million metr kubi qayta ishlab chiqarish jarayonlariga yo‘naltirilmoqda. Shu bilan birga, sug‘orish tizimlari 45 kilometrga yetkazilib, yashil hududlarni saqlash va rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Bundan tashqari, 2,2 gektar yer maydonida rekultivatsiya ishlari amalga oshirilib, buzilgan yerlar tiklandi, – deya ta’kidladi N.Valiyeva.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA