O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi tomonidan “Elektron hujjatlarni saqlash uchun topshirishga mo‘ljallangan “Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimi (arxiv.gov.uz) amaliyotga joriy etilganligi” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan tadbirda “O‘zarxiv” agentligi, “Axborot texnologiyalari va axborot resurslarini rivojlantirish markazi”, “Unicon Soft” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari rahbarlari, arxiv muassasalari mas’ullari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov “Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimi zamonaviy elektron hujjatlarni boshqarish zanjirining ajralmas qismi sifatida tashkilotlarga elektron hujjatlarni saqlash, boshqarish va ulardan foydalanishni ta’minlashning samarali, barqaror va xavfsiz usuli ekanini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 22 avgustdagi “2022-2023 yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2022 yil 10 noyabrdagi “Hisobot taqdim etish va arxiv hujjatlarini saqlash tartib-taomillarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2023 yil 24 maydagi “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida elektron hujjatlarni saqlash uchun topshirishga mo‘ljallangan “Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimi ishlab chiqilishi va joriy etilishi belgilangan edi.
“Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimini ishlab chiqish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi va “Kiberxavfsizlik markazi” DUK tomonidan ekspert xulosalari olindi. Rivojlangan davlatlar tajribasi o‘rganilgan holda “O‘zarxiv” agentligi va Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha inspeksiyasi huzuridagi “Axborot texnologiyalari va axborot resurslarini rivojlantirish markazi” MCHJ hamkorligida “Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimi ishlab chiqildi.
Elektron hujjatlarni saqlash uchun topshirishga mo‘ljallangan mazkur “Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimi bo‘yicha “O‘zarxiv” agentligi, “Axborot texnologiyalari va axborot resurslarini rivojlantirish markazi” MCHJda o‘tkazilgan test-sinovida ijobiy natija qayd etilib, joriy yilning 15 dekabrida amaliyotga joriy etildi.
Kelasi 2024 yilda “Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimi Davlat arxivlari manbai hisoblangan 8 mingga yaqin davlat idoralari va tashkilotida joriy etilishi va 100 ming nafardan ziyod foydalanuvchi ulanishi rejalashtirilgan.
Tadbirda “Axborot texnologiyalari va axborot resurslarini rivojlantirish markazi” MCHJ direktori Amirjon Nosirovning “Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimi bo‘yicha taqdimoti tinglandi.
Axborot tizimini joriy qilish orqali tashkilot nomenklaturasini shakllantirish, kelishish va tasdiqlash, nomenklatura asosida elektron hujjatlarni shaklantirish, elektron arxiv hujjatlarini davlat arxivlariga qabul qilish, hujjatlarni tezkor qidirib-topish va foydalanish imkoniyatlari yaratildi. Shuningdek, “Idoraviy elektron” arxiv axborot tizimi yagona identifikatsiya tizimi - id.egov.uz va Idoralararo hujjat aylanish tizimi – edo.ijro.uz axborot tizimi bilan integratsiya qilindi.
“O‘zarxiv” agentligi bilan hamkorlikda “Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimidan foydalanish bo‘yicha yuzaga kelgan muammo tezkor bartaraf etish hamda takliflar asosida tizimni doimiy rivojlantirib borish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Tadbirda O‘zarxiv agentligining “arxiv.gov.uz” “Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimi va “Unicon soft” MCHJning “edo.ijro.uz” elektron hujjat aylanish tizimini o‘rtasida o‘zaro ma’lumot almashish yo‘lga qo‘yilgani haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berildi.
[gallery-15203]
Endilikda, korxona yoki tashkilotlar xodimi tomonidan edo.ijro.uz tizimida imzolangan hujjatlari, ushbu xodimning “Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimi kabinetidagi saralanmagan hujjatlar bo‘linmasida avtomatik, ya’ni rahbar tomonidan imzolanishi bilan shakllanib boradi.
Shuningdek, qo‘shimcha ravishda avval yaratilgan hujjatlarni idoraviy elektron arxivga yuborish uchun “edo.ijro.uz” tizimining mening hujjatlarim bo‘linmasida “Arxivga yuborish” tugmasi joriy qilindi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollariga soha vakillari batafsil javob qaytardi.
Kamola YUSUPOVA,
Oybek PARDAEV (surat), O‘zA