Idlibda hozircha jim-jitlik, otishmalar toʻxtagan
Kecha Moskvada Rossiya va Turkiya Prezidentlari Idlibdagi vaziyatni izga solish haqida qoʻshma hujjatni imzolagan edi.
Sharh
Kecha Moskvada Rossiya va Turkiya Prezidentlari Idlibdagi vaziyatni izga solish haqida qoʻshma hujjatni imzolagan edi.
Tomonlar hujjatda koʻzda tutilgan shartlarni bajarish boʻyicha harakatni boshlab yuborgan bir paytda, siyosatchilar va ekspertlar Idlib boʻyicha Kreml kelishuviga munosabatini bildirmoqda.
Masalan, Oq uyning Suriya boʻyicha maxsus vakili Jeyms Jefri Rossiya va Turkiya Prezidentlarining imzolagan hujjati Idlibda yuzaga kelgan juda xavfli vaziyatni yumshatib, dahshatli gumanitar tanglik bartaraf qilinishiga yordam berishidan umid qilayotganini bildirgan.
Uning aytishicha, Turkiya oʻt ochishni toʻxtatish vaqtincha emas, doimiy boʻlishini istaydi. Hech kim bosib oʻta olmaydigan chiziq boʻlishi kerak, dedi Jeyms Jefri CBS Newsga bergan intervyusida. Shu bilan birga u Oq uy Turkiyaning Suriya boʻyicha tutgan pozitsiyasini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini bildirgan.
Agar Idlibdagi vaziyat yana-da yomonlashsa, bu “gumanitar fojia“ va “xavfli geostrategik eskalatsiya“ boʻladi, shu bois hozir “juda xavfli xalqaro vaziyat yuzaga kelgan, uni oʻt ochishni toʻxatish yordamida nazorat qilish lozim”, dedi Jeyms Jefri.
“Turkiyaning Idlibdan chekina olmasligiga sabab, shundogʻam 4 millionlik qochqinlarga boshpana bergani yetmaganidek, Suriyadan yana 3 million qochqin keladi. Bu muammoni Turkiya yolgʻiz oʻzi hal eta olmaydi“, – dedi u.
Suriyadagi vaziyat BMT Bosh kotibi Antoniu Guterreshni ham qattiq tashvishga solmoqda. Kecha u Idlibda oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha Rossiya va Turkiya rahbarlari oʻrtasida erishilgan kelishuv Suriyaning shimoli-gʻarbiy qismida harbiy harakatlarni toʻxtatishi va fqarolarning himoyasini taʼminlashidan umidvor ekanini aytdi. Shuningdek, Bosh kotib tomonlarni BMT vositachiligida Xavfsizlik Kengashining 2254-rezolyutsiyasida koʻzda tutilgan siyosiy jarayonlarga qaytishga chaqirdi.
Rossiya parlament aʼzolari mazkur kelishuvga baho berib, ikki davlat rahbarlarining olti soatlik muzokarasi natijasida Idlibda vaziyat yaxshi tomonga oʻzgarishiga umid bildirgan. Shu bilan birga, Davlat dumasi aʼzolari tashqi kuchlarning Moskva bilan Anqarani urushtirib qoʻyish rejasi amalga oshmasligini ham eslatib oʻtdi.
“Rossiya bilan Turkiya kelgusida ham siyosiy va iqtisodiy masalalar boʻyicha, jumladan, parlament diplomatiyasida strategik sherik boʻlib qolaveradi”, deydi duma deputatlari.
Ayni paytda Idlibda tinchlik oʻrnatish boʻyicha imzolangan Moskva bitimi boʻyicha harakatlar boshlab yuborilgan.
RIA Novostining maʼlum qilishicha, Rossiya Federatsiyasi va Turkiya harbiylari Xasake viloyatidagi vaziyatni birgalikda nazorat qilmoqda. Harbiy aviatsiya havodan turib vaziyatni kuzatib bormoqda.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdoʻgʻon Vladimir Putin bilan boʻlib oʻtgan muzokaralar yakuniga toʻxtalar ekan, “Turkiya Suriya rejimining har qanday hujumlariga javob berish huquqini oʻzida saqlab qoladi”, – dedi.
Oʻz navbatida, Vladimir Putin “Rossiya Suriyada kechayotgan voqealarni baholashda Turkiya bilan har doim ham bir fikrda boʻla olmasligini, ammo har safar oʻta tang vaziyatlar yuzaga kelganda erishilgan oliy darajadagi munosabatlarga tayangan holda, bahsli vaziyatlarda oʻzaro tutash nuqtalarni topa bilgan va maqbul qarorga kela olgan“, – deya taʼkidladi.
Rejep Tayyip Erdoʻgʻon uchrashuv chogʻida Vladimir Putinni ikki mamlakat oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganiga 100-yil toʻlishi munosabati bilan Turkiyaga taklif etganini maʼlum qildi. Bu esa Kreml muzokaralari yaxshi ruhda yakunlanganidan dalolat beradi. Turkiya Prezidentining qoʻshimcha qilishicha, Turkiya bilan Rossiya munosabatlari davomiy tarixga ega, rasmiy Anqara Moskva bilan oʻzaro hurmatga asoslangan hamkorlikni davom ettirishni xohlaydi.
Turkiya Prezidenti Anqaraga qaytishda samolyot bortida jurnalistlarga intervyu berib, Idlib boʻyicha Rossiya bilan Turkiya oʻrtasidagi kelishuv katta foyda keltirishini taʼkidladi.
“Ushbu bitim mamlakatimiz chegarasini Suriya rejimidan va teraktlardan himoya qiladi, Idlibda ahvolni barqarorlashtirishga zamin yaratadi, u yerda turgan askarlarimizni hamda tinch aholini muhofaza qiladi”, – dedi u.
Ommaviy axborot vositalarining xabar qilishicha, bugun Idlibda haqiqatan ham jim-jitlik hukm surmoqda, otishmalar toʻxtagan. Urush oʻchogʻi hisoblangan Sarakib shahrida oʻq ovozlari eshitilmayapti.
Otishmalar 6-mart yarim tunda Rossiya bilan Turkiya Prezidentlari oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuvni imzolagandan keyin tindi, deyiladi xabarlarda.
Saidmurod RAHIMOV tayyorladi