“Ideal Study” maktabiga qabul qilindi
Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov tashabbusi bilan Guliston shahrida joylashgan “Ideal Study” xususiy maktabiga Sirdaryo, Oqoltin va Mirzaobod tumanlari hamda Guliston shahridan 43 nafar iqtidorli o‘quvchi qabul qilindi.
Mazkur ta’lim muassasasi 2019 yilda tashkil etilgan bo‘lib, 1200 o‘ringa ega. Maktab matematika, ingliz va rus tillari hamda tabiiy fanlarga ixtisoslashgan. Ayni paytda bu yerda 1200 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda, ta’lim-tarbiya jarayonini esa 92 nafar tajribali va yuqori malakali pedagoglar olib borishmoqda.



Ta’kidlash joizki, mazkur o‘quvchilar uchun ta’lim to‘lovlari to‘liq Sirdaryo viloyati hokimligi tomonidan qoplab berilmoqda. Bu esa iqtidorli yoshlarning sifatli ta’lim olishi yo‘lidagi muhim qo‘llab-quvvatlov hisoblanadi.

Ahamiyatli jihati shundaki, viloyatning chekka va uzoq hududlaridan “Ideal Study” xususiy maktabida tahsil olish uchun kelgan o‘quvchilarga yotoqxonadan tortib ta’lim jarayonini to‘liq davom ettirishi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Bu esa iqtidorli yoshlarning bilim olishi, o‘z salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarishiga xizmat qilmoqda. Mazkur e’tibordan nafaqat o‘quvchilar, balki ularning ota-onalari ham birdek mamnundir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri