Ichki yo‘llarga obodonlashtirish boshqarmalari mas’ul
Endilikda ichki yo‘llarni ta’mirlash, saqlash ishlari bilan hududlardagi obodonlashtirish boshqarmalari shug‘ullanadi. Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 11 oktyabrdagi “Shaharlar va boshqa aholi punktlari ko‘chalari hamda ichki xo‘jalik yo‘llari infratuzilmasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, joriy yildan boshlab tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalarida shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalari hamda ichki xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llarini, ularda joylashgan ko‘priklar va yo‘l o‘tkazgichlarni soz holatda saqlash maqsadida ichki yo‘llarni saqlash va joriy ta’mirlash uchastkasi (bo‘limi) tashkil etildi.
Bu ishlarni amalga oshirish uchun obodonlashtirish boshqarmalarini qo‘shimcha zamonaviy transport vositalari va maxsus texnikalar bilan ta’minlash maqsadida byudjetdan mablag‘ ajratildi.
Jumladan, Samarqand viloyatidagi 16 tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalarining mavjud texnika parki holatidan kelib chiqib, 25 ta yangi texnika vositasi (katok, avtogreyder, ekskavator, samosval) xarid qilish uchun 21 milliard 867 million so‘m mablag‘ ajratilgan edi. Ayni paytda ushbu mablag‘ hisobidan belgilangan texnika vositalari xarid qilinib, ulardan foydalanilmoqda.
Xususan, Toyloq tumani obodonlashtirish boshqarmasida shu paytgacha kotok va avtogreyder yo‘qligi sababli byudjetdan ajratilgan 1 milliard 900 million so‘m mablag‘ hisobidan mazkur texnika vositalari sotib olindi.
[gallery-22339]
– Bugungi kunda boshqarmamizda 182 shtat birligida 188 nafar xodim mehnat qilmoqda, – deydi Toyloq tumani obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Jonibek Tursunov. – Hududlarda obodonlashtirish ishlarini olib borish uchun zarur texnika vositalari va boshqa uskunalar bilan ta’minlanganmiz. Yanvar oyida olingan kotok va avtrogreyder bilan qo‘shib hisoblaganda texnikalarimiz soni 18 taga yetdi. O‘tgan yil daraxtlarni sug‘orish tizimi uchun ikkita suv tashuvchi maxsus avtomashina xarid qilgandik. Bunga esa suv tashish uchun tuman suv ta’minoti korxonasidan yoki ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun avtoyo‘l idorasidan texnika so‘rab turishga majbur edik. Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 11 oktyabrdagi 665-son qarori bilan ichki yo‘llarga qarash obodonlashtirish boshqarmalari zimmasiga yuklangach, shunga yarasha texnika vositalari ham olib berilgani, ichki yo‘llarni saqlash va joriy ta’mirlash bo‘limi tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi. Hozir tumanimizda 792 kilometr ichki yo‘llar bo‘lib, ularning 342 kilometri asfalt qilingan, shuningdek, beton va shag‘al yo‘llarimiz, oz miqdorda tuproq yo‘limiz ham bor. 6 kishidan iborat yangi bo‘limimiz bu yo‘llarni qaytadan xatlovdan o‘tkazib, ularning holatini o‘rganmoqda. O‘rganish yakunlari asosida ma’lumotlarni yangilab, yo‘llarni ta’mirlash va saqlash bo‘yicha rejalarimizni belgilab olamiz.
Boshqarma boshlig‘ining aytishicha, keyingi yillarda “Tashabbusli byudjet” dasturi asosida yangidan asfalt yotqizilayotgan ichki yo‘llarni hisobga olmaganda, mahallalardagi bir necha o‘n yillar oldin qurilgan asfalt yo‘llarning asosiy qismi ta’mirtalab holatga kelib qolgan. Hozir har yili “Tashabbusli byudjet”ning ikki bosqichida 45-50 kilometr yo‘lga asfalt yotqizish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Ayni paytda ham ushbu yo‘nalishda 70 ta loyiha bo‘yicha ovoz berish jarayonlari davom etmoqda. Ular orasidan g‘olib bo‘lgan 5-6 ta loyiha asosida ichki yo‘llar asfalt qilinadi.
– O‘tgan yil “Tashabbusli byudjet”da g‘olib bo‘lgan loyihalar bo‘yicha 47 kilometr ichki yo‘lga asfalt qoplamasi yotqizilgandi, – deya so‘zida davom etadi Jonibek Tursunov. – Shuningdek, 76 kilometr yo‘lga shag‘al-tosh aralashmasi to‘shaldi. Bu yil shu paytgacha 10 kilometr yo‘lga shag‘al yotqizdik va bu yo‘nalishdagi ishlarimiz yil bo‘yi davom etadi. “Tashabbusli byudjet” dasturidan tashqari 4 milliard so‘m mablag‘ evaziga 37 kilometr yo‘lni ta’mirlash rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘ ikkinchi chorakdan ajratilishi boshlansa, biz ham ta’mirlash ishlariga kirishib, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida bajarishga harakat qilamiz.
Yuqorida qayd etilgan qarorga ko‘ra, ichki yo‘llarni saqlash va joriy ta’mirlash mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi. Tuman (shahar) hokimliklari tasarrufidagi ichki yo‘llarni saqlash va joriy ta’mirlash ishlari uchun rejalashtirilgan mablag‘larni boshqa yo‘nalishlarga qayta taqsimlash qat’iyan taqiqlandi.
Bundan tashqari, 2025 yildan boshlab har yili tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalariga ichki yo‘llarni saqlash va joriy ta’mirlash hamda xarid qilinadigan maxsus texnikalarni saqlash xarajatlari uchun talab etiladigan mablag‘lar byudjet parametrlarida nazarda tutiladi.
E’tiborli jihati, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Toshkent davlat transport universiteti va mahalliy hokimliklar bilan birgalikda obodonlashtirish boshqarmalarida yangi tashkil etilgan ichki yo‘llarni saqlash va joriy ta’mirlash uchastkasi (bo‘limlari) xodimlari malakasini oshirib borish amaliyotini yo‘lga qo‘yadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/M-BnLj8c9BA?si=ioQhZGM6n7rVKGqZ" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat, video),
O‘zA muxbirlari