Ichki va xalqaro reytinglar
Toshkentda “Suveren va moliyaviy institutlar reytinglari” mavzusida xalqaro seminar boʻlib oʻtdi.
Toshkentda “Suveren va moliyaviy institutlar reytinglari” mavzusida xalqaro seminar boʻlib oʻtdi.
Tadbir Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Bank-moliya akademiyasi hamkorligida tashkil etildi. Unda bank-moliya vakillari, xalqaro moliyaviy tashkilotlar bilan munosabatlarni rivojlantirish, xorijiy kontragentlar va investorlar, shuningdek, xalqaro reyting agentliklari bilan hamkorlik boʻyicha mutaxassislar, qimmatli qogʻozlarni kapital bozoriga joylashtirish, banklarni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishga ixtisoslashgan xodimlar ishtirok etdi.

Xalqaro ekspert, “Gazprombank” (Rossiya) huzuridagi Reyting maslahati markazi direktori oʻrinbosari Nikolay Sherazadishvili va katta tahlilchi Inal Kishmariya “Kredit reytinglariga kirish”, “Suveren reytinglar” va “Moliyaviy kompaniyalar reytinglari” mavzularida maʼruza qildi. Mashgʻulotlar davomida reytinglarning ahamiyati, koʻrsatkichlarni aniqlashdan koʻzlangan maqsad, muayyan kompaniya uchun boʻlajak iqtisodiy va barqaror samara, reyting bozoridagi global trendlar yuzasidan fikr almashildi.
– Hamkasblarimizga jahon moliya bozorining muhim va ajralmas boʻlagi hisoblangan reytinglar haqida maʼlumot berdik, – deydi Nikolay Sherazadishvili. – Umuman, seminar davomida reytinglar nima uchun zarurligi, jahon tajribasida qanday turlari mavjudligi haqida ham soʻz bordi. Shoʻba yigʻilishi xalqaro reytinglarning boshlanish nuqtasi sanalgan mamlakat ichidagi, yaʼni suveren reytinglar tahliliga bagʻishlandi. Tabiiyki, biz Oʻzbekistonning bugungi kundagi koʻrsatkichlariga koʻproq eʼtibor qaratdik. Reytinglarni shakllantirishdagi eng muhim omillar, banklarning alohida reytinglari, asosiy koʻrsatkichlarga taʼsir oʻtkazadigan omillar, mintaqalar, shaharlar miqyosida aniqlanadigan subsuveren reytinglar mavzusi ham diqqat markazida boʻldi.

Oʻzbekistonning suveren reytinglari sharhi, mamlakatimizdagi yirik banklar reytingi tahlili, reytinglar tuzilishidagi hal qiluvchi omillar boʻyicha oʻtkazilgan taqdimotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Reyting tuzishdagi eng muhim omillar, reytinglarning kapital bozoridagi foiz stavkalariga qay tarzda taʼsir koʻrsatishi mumkinligi, reyting agentliklarining ish uslubidagi farqli jihatlar reyting koʻrsatkichlarida aks etishi kabi masalalar tinglovchilar va ekspertlar oʻrtasida qizgʻin munozara shaklida tahlil etildi.