Ichki sug‘orish tarmoqlari betonlashtirilmoqda
Yildan yilga aholi sonining o‘sishi va iqtisodiyotning jadal rivojlanishi natijasida suvga bo‘lgan talab ortib bormoqda.
BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 2050 yilgacha bo‘lgan davrda suvga bo‘lgan global talab 55 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda
Ma’lumki, eng ko‘p suv talab etiladigan sohalardan biri, shubhasiz, qishloq xo‘jaligidir. Demakki, suv taqchilligi muammosi yuzaga kelayotgan bir vaqtda undan oqilona va tejagan holda foydalanish darkor.

Joriy yilning 29 noyabr kuni Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari muhokama etilgan edi.
Unda iqlim o‘zgarishi oqibatida suv manbalari yil sayin kamayib borayotganligi, suvdan esa samarasiz foydalanilayotganligi, garchi suv xo‘jaligiga har yili milliardlab mablag‘ yo‘naltirilsada, tizimda hisob-kitob to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani, suv resurslarini boshqarishda eskicha yondashuvlar saqlanib qolingani uchun samara kamligi tanqid ostiga olingandi.
Yig‘ilishda 2024 yil suv xo‘jaligida “kanallarni betonlash bo‘yicha zarbdor yil”, deb e’lon qilinib, 1 ming 500 kilometr kanallarni betonlash vazifasi belgilandi.

Shu bois Navoiy viloyatida ham mavjud kanallarni betonlash tadbirlari boshlab yuborilgan.
– Viloyatimizda asosan Karmana, Xatirchi, Qiziltepa, Navbahor va Konimex tumanlaridagi kanallar betonlashtirilishi ko‘zda tutilgan, – deydi Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Abduqayum Ubaydullayev. – Jumladan, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan topshiriq va vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 2023-2024 yillarda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari hisobida bo‘lgan jami 650 km uzunlikdagi ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish rejalashtirib olingan. Bugungi kunda 25 km ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish ishlari amalga oshirilgan bo‘lib, Karmana tumanida 3,1 km, Konimex tumanida 1,6 km, Qiziltepa tumanida 7,7 km, Navbahor tumanida 4,1 km hamda Xatirchi tumanida 8,5 km uzunlikdagi ichki tarmoqlarda betonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Ayni paytda boshqa hududlarda bo‘lgani singari Xatirchi tumanida ham ichki ariqlar, kanal va zovurlarni qazish, tozalash, betonlashtirish, bahor mavsumiga tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda.
– Tumanda 2023-2024 yillarda 204 km uzunlikdagi ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar tumanda 8,5 km uzunlikdagi ichki sug‘orish tarmoqlari betonlashtirildi, – deydi Xatirchi tumani irrigatsiya bo‘limi Qurilish va ta’mirlash ishlarini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Bahovuddin G‘iyosiddinov. – Ayni kunlarda tumandagi barcha klaster va fermer xo‘jaliklari hisobidagi ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish ishlari jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Bu kabi tadbirlar natijasida tumanimizda samarasiz isrof bo‘layotgan suvdan oqilona foydalanish evaziga 25 ming gektar yer maydonlarida suv ta’minoti yaxshilanadi.

Albatta, suv sarfining kamayishi natijasida ekin yerlariga suvning ko‘p miqdorda yetib borishiga, fermer xo‘jaliklarining hosildorligi va daromadini oshirish bilan birga aholi tomorqa maydonlarini sug‘orishga imkoniyat yaratiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri