Ichki ishlar vazirligida “Ochiq eshiklar kuni”
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyida 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.
Tadbirda ishtirok etgan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarga harbiy-akademik litseyga nomzodlarni o‘qishga qabul qilish tartiblari, o‘quvchilarga yaratilgan sharoitlar hamda o‘tgan o‘quv yilining yakunlari bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.

Mazkur litseyga o‘quvchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 iyundagi “O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida qabul qilinadi.

Hozir litseyda 1-kursda 101, 2-kursda 103 nafar, jami 204 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularga 33 nafar malakali pedagog xodim ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Asosiy bino yotoqxona, o‘quv xonalari, oshxona, sport, majlislar zali va ma’muriy xonalardan iborat. Litseyda 12 ta o‘quv sinfi bo‘lib, o‘quvchilar foydalanishi uchun 1 ta axborot-resurs markazi, 1 ta elektron kutubxona, 1 ta kompyuter sinfi, jihozlangan 1 ta fizika, 1 ta biologiya va 1 ta kimyo xonalari mavjud. Bu yerda ichki ishlar organlarining sohaviy xizmat yo‘nalishlari bo‘yicha 1 ta maxsus jihozlangan xona tashkil etilgan.

Shuningdek, zakovat, musiqa, rassomlar, dasturchi IT, yosh ijodkor, stol tennisi, boks, milliy kurash, voleybol, futbol to‘garaklari faoliyat olib bormoqda. O‘quv yurti binosi 2020 yilda to‘liq kapital ta’mirdan chiqarilib, hozirgi kunda zamonaviy o‘quv-texnika vositalari bilan jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda. O‘tgan yilgi bitiruvchilardan 12 nafari O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasiga, 9 nafari Jamoat xavfsizligi universitetiga, 6 nafari Bojxona institutiga, 5 nafari Ichki ishlar akademiyasiga, 4 nafari Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtiga, 4 nafari Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga, 3 nafari Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtiga, 1 nafari DXX akademiyasiga, 49 nafari fuqarolik oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishga muvaffaq bo‘ldi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar o‘quv yurtidagi sinf xonalari, to‘garaklar faoliyati bilan yaqindan tanishdi. O‘quvchilarning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi xizmati Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi, Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi, Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi, Ekspert-kriminalistika markazi hamda Tergov xizmatining avtotransport va maxsus texnika vositalari bilan tanishtirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig‘i o‘rinbosari mayor M.Qarlibayev yig‘ilganlarga ichki ishlar organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar, so‘nggi yillarda ichki ishlar organlari xodimlari, ularning oila a’zolariga yaratilayotgan sharoitlar va imkoniyatlarga to‘xtaldi.

Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga vazirlikning sohaviy xizmatlari mas’ul xodimlaridan javob oldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri