Ichki ishlar vaziri shaxsiy tarkibning jangovar shayligi va xizmat faoliyati samaradorligini o‘rgandi
O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Toshpo‘latov Qorovul qo‘shinlariga qarashli 7535-harbiy qism 2-bataloni faoliyati, harbiy qismning maxsus vazifalarni bajaruvchi safarbarlik vzvodining jangovar shayligini o‘rgandi.
Tekshiruv jarayonida shaxsiy tarkibning tayyorgarlik darajasi, texnik va taktik imkoniyatlari, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda tezkor harakatlanish uquvlariga alohida e’tibor qaratildi.

Aniqlangan holatlar tahlil qilinib, kelgusida jangovar shaylik salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan amaliy taklif va tavsiyalar berildi.
O‘rganish jarayonida harbiy qism infratuzilmasi, yaratilgan shart-sharoitlar, harbiy qismga biriktirilgan harbiy va maxsus texnika holati, askarlar oshxonasi, ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda sport mashg‘ulotlari ko‘zdan kechirildi.

Ushbu yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, mavjud imkoniyatlarni yanada takomillashtirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.

Shu bilan birga, harbiy qismning jangovar shayligini yanada mustahkamlash, shaxsiy tarkibning kasbiy tayyorgarligini oshirish hamda xizmatni tashkil etish samaradorligini oshirish maqsadida rejadan tashqari taktik-saf mashg‘ulotlarini o‘tkazish zarurati belgilandi.
Ushbu tekshiruvlar mamlakatimizning boshqa hududlarida ham o‘tkaziladi.
N.Abduraimova,
O‘zA