Ichki ishlar tizimidagi yoshlar “Zakovat”da bellashdi
Guliston shahrida Ichki ishlar vazirining joriy yil 31 martdagi “Ichki ishlar organlari tizimida “Zakovat” intellektual o‘yinlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida Sirdaryo viloyati ichki ishlar idoralari xodimlari o‘rtasida ilk marotaba “Zakovat” intellektual o‘yinlari o‘tkazildi.
Viloyat IIB Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash boshqarmasi xabariga ko‘ra, o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinlarida 18 ta jamoa ishtirok etdi. Zukko, bilimdon va intellektual salohiyatga ega bo‘lgan ushbu tizimda mehnat qilayotgan yigit-qizlar “Zakovat” savol-javoblarida o‘z mahoratlarini namoyish etib, bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Mazkur intellektual o‘yinlarini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlarning intellektual va professional bilim darajasi, ma’naviy-axloqiy saviyasini muntazam ravishda oshirib borishdir. Shuningdek, bu borada bilimli va salohiyatli xodimlarga iqtidorini namoyon etishlari uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratish, ularni munosib rag‘batlantirish, xodimlarda ilmni qadrlashga, kitob mutolaasi bilan ko‘proq shug‘ullanishga va bilim olishga intilishlari kabi tushunchalarni mustahkamlashdan iboratdir.

Murosasiz, hayajonli va qizg‘in o‘tgan bellashuvda Mirzaobod tumani IIBning zukko xodimlari 1-o‘rinni, Sirdaryo tumani hamda Sirdaryo viloyati Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi jamoalari 2- va 3-o‘rinlarni egalladi.
G‘olib va sovrindonlar viloyat IIB boshlig‘ining qimmatbaho sovg‘alari va kitoblar to‘plami bilan taqdirlandi.
A.Qayumov, O‘zA