Ichki ishlar tizimi xodimlari munosib taqdirlandi
Navoiy viloyati IIBda xizmat qilayotgan xodimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning oilasi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, turar-joy bilan ta’minlash hamda bu orqali sohada xizmat samaradorligini yanada oshirish maqsadida tadbir tashkil etildi.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lash, aholi turmush tarzini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotganligi bilan ahamiyatlidir.

Tadbir avvalida viloyat IIB boshlig‘i Azat Tasbayev so‘zga chiqib, xodimlar uchun berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish, o‘z kasbiga sadoqat va mas’uliyat bilan yondashish tizim samaradorligida muhim ahamiyat kasb etishini, shuningdek, davlatimiz tomonidan xodimlarni uy-joy olishi uchun badal pullarining dastlabki 25 foizi to‘lab berilayotgani g‘amxo‘rlikning oliy ko‘rinishi ekanligini ta’kidladi.
Uchrashuvda o‘zining intizomi, bilim malakasi bilan soha rivojiga hissa qo‘shayotgan 14 nafar xodim va ularning oila a’zolariga xonadon xarid qilish uchun maxsus sertifikatlar topshirildi.

– Bugungi kunda huquqni muhofaza qilish idoralarida olib borilayotgan islohotlar, tizimda mehnat qilayotgan xodimlar uchun berilayotgan imtiyozlar o‘z samarasini bermoqda, – deydi Ramazon Rajabov. – Jumladan, ularning turar joy va maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash maqsadida qo‘llab-quvvatlanayotganligi ayni muddao bo‘ldi. O‘g‘lim Bekmamat Rajabov ham bir necha yillardan buyon ichki ishlar tizimida mehnat qilib keladi. Bugun tadbirda unga ham ipoteka krediti asosida uy-joy sotib olishi uchun qariyb 112 million so‘m miqdorida badal pulining to‘lab berilishi to‘g‘risidagi sertifikat topshirildi. Juda ham xursand bo‘ldik. Endi o‘g‘limning ham o‘z uy-joyi, Vatani bo‘ladi.


Tadbir davomida Ichki ishlar vazirining tegishli buyruq va farmoyishi bilan o‘tkazilgan “Eng yaxshi hududiy ichki ishlar bo‘limi”, “Eng yaxshi tezkor xodim”, “Eng yaxshi tergovchi”, “Eng yaxshi profilaktika inspektori”, “Eng yaxshi ekspert-kriminalist”, “Eng yaxshi ma’naviy-ma’rifiy ishlar targ‘ibotchisi”, “Eng yaxshi murabbiy”, “Eng yaxshi kitobxon” va “Eng faol faxriy xodim” ko‘rik-tanlovlarining viloyat bosqichi g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri