Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Jamiyatda barqarorlik, tinchlik va osoyishtalikni qaror toptirish, inson huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, aholi farovonligini yuksaltirish, huquqiy demokratik davlat qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan ko‘zlangan maqsadlarga erishishning muhim sharti hisoblanadi.
Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoat tartibini saqlash, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi bo‘yicha respublikada yaxlit huquqiy tizim yaratilgan bo‘lib, unda ichki ishlar organlari muhim o‘rin egallaydi.
O‘tgan davr mobaynida ichki ishlar organlari tizimini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, ichki ishlar organlarining mahallalarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish uchun tashkil etilgan quyi bo‘g‘inini rivojlantirish va mustahkamlash bo‘yicha salmoqli ishlar qilindi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar ichki ishlar organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, fuqarolarning tinch va osoyishta hayot kechirishini ta’minlash, yurtimizda jinoyatchilikning o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik imkonini berdi.
Bugungi kunda yuzaga kelayotgan xavf-xatar va tahdidlar, avvalo, xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, yoshlar o‘rtasida xalqimizga yot g‘oyalar tarqalishining tobora kuchayib borayotganligi ichki ishlar organlari oldiga o‘z vaqtida ularning oldini olish va ularga barham berish bo‘yicha yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
Shu bilan birga, keyingi yillarda ichki ishlar organlari faoliyatida to‘planib qolgan jiddiy kamchilik va muammolar ushbu vazifalarni samarali bajarishda to‘siq bo‘lmoqda. Xususan:
birinchidan, respublika, o‘rta va quyi bo‘g‘indagi bo‘linmalar o‘rtasida asosiy vazifa va funksiyalar aniq taqsimlanmagani har bir xodimning faoliyati ustuvor yo‘nalishlarini va ishning pirovard natijasi uchun shaxsiy javobgarligini belgilashni qiyinlashtirmoqda;
ikkinchidan, amaldagi tashkiliy-shtat tuzilmalari kuch va vositalardan oqilona foydalanishni ta’minlamayapti, oqibatda markaziy va o‘rta bo‘g‘inning ba’zi xizmatlarida yetarli ish hajmi bo‘lmay turib, keragidan ham ortiqcha shtat birliklari saqlanib turgan bir paytda, quyi bo‘linmalar zimmasiga haddan ziyod xizmat vazifalari yuklanishiga olib kelmoqda;
uchinchidan, ichki ishlar organlari mansabdor shaxslari, shu jumladan profilaktika inspektorlarining aholi bilan muloqoti yo‘lga qo‘yilmagan, fuqarolar bilan muomala madaniyati pastligicha qolmoqda, aholining eng muhim muammolarini hal etish borasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan samarali hamkorlik ta’minlanmayapti;
to‘rtinchidan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari yuzaki ko‘rib chiqilmoqda, ularda ko‘tarilayotgan masalalar har tomonlama chuqur tahlil qilinmayapti, murojaatlarga rasmiyatchilik uchungina javob berilayotgani fuqarolarning noroziligini keltirib chiqarmoqda, ularni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalariga va boshqa tashkilotlarga shikoyat bilan murojaat etishga majbur qilmoqda;
beshinchidan, ichki ishlar organlari mansabdor shaxslarining aholi oldida hisobot berib borishining ta’sirchan tizimi, ularning faoliyati ustidan jamoatchilik, parlament va deputatlik nazoratining samarali mexanizmlari joriy etilmagan, bu esa xodimlarning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarishi uchun mas’uliyatini oshirish imkonini bermayapti;
oltinchidan, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi bo‘yicha ishlar asosan, sodir etilgan g‘ayriqonuniy qilmishlarning oqibatlariga qarshi kurashishdan iborat bo‘lib qolmoqda, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ularni sodir etish sabablari va shart-sharoitlarini chuqur tahlil qilish, aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha tizimli va samarali chora-tadbirlar ko‘rilmayapti;
ettinchidan, o‘sib kelayotgan avlodni buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilishga, yoshlar jinoiy faoliyatga, avvalambor, terrorizm va diniy ekstremizmga jalb etilishining oldini olishga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti, ichki ishlar organlarining tarbiyaviy o‘rni sezilmayapti;
sakkizinchidan, ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi hozirgi talablarga javob bermaydi, poraxo‘rlik va xizmat mavqeini suiiste’mol qilish holatlari hamon uchrab turibdi;
to‘qqizinchidan, eng yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tizimga joriy etish, ichki ishlar organlarini zamonaviy vositalar va asbob-uskunalar bilan jihozlash darajasi qoniqarsizligicha qolmoqda.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlash maqsadida:
1. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari tizimini isloh qilishning eng muhim yo‘nalishlari deb hisoblansin:
birinchidan, ichki ishlar organlarini aholiga o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatadigan, har bir xodimi tomonidan “Xalq manfaatlariga xizmat qilish”ni o‘z xizmat burchi deb biladigan ijtimoiy yo‘naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish;
ikkinchidan, zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarni, bajarilayotgan ishlar muhimligi va ko‘lamini e’tiborga olgan holda ichki ishlar organlari barcha darajadagi bo‘linmalarining vazifa va funksiyalarini aniq belgilash hamda taqsimlash, tashkiliy-shtat tuzilmasini maqbullashtirish, kuch va vositalardan oqilona foydalanish;
uchinchidan, xalq bilan aniq maqsadni ko‘zlab o‘tkaziladigan tizimli muloqotni ta’minlash, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yaqin hamkorlikni rivojlantirish, aholining eng muhim muammolari hal etilishiga har tomonlama ko‘maklashish;
to‘rtinchidan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni tashkil etishning sifat jihatidan mutlaqo yangi tartibini o‘rnatish, murojaatlarni ko‘rib chiqish va hal etishga yuzaki va rasmiyatchilik bilan yondashuvlarga chek qo‘yish, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun vakolat doirasida barcha vositalarni ishga solish;
beshinchidan, ichki ishlar organlari mansabdor shaxslarining aholi oldida muntazam hisobot berib borishi tizimini, qilingan ishlarga baho berishning aniq mezonlarini, shuningdek ularning faoliyatida qonuniylikni ta’minlash bo‘yicha jamoatchilik, parlament va deputatlik nazoratining samarali mexanizmlarini joriy etish;
oltinchidan, avvalo, huquqbuzarliklarning sodir etilish sabablari va shart-sharoitlarini o‘z vaqtida bartaraf etish, aholining barcha qatlamlari huquqiy madaniyatini oshirish, ularda qonunga hurmat, qonun buzilishining har qanday ko‘rinishiga murosasizlik tuyg‘usini singdirish yo‘li bilan huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi va oldi olinishini ta’minlash;
ettinchidan, voyaga yetmaganlar va yoshlarni Vatanga muhabbat, vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalash, o‘sib kelayotgan avlodni terrorizm, diniy ekstremizm, zo‘ravonlik va shafqatsizlik g‘oyalaridan himoya qilishga qaratilgan tizimni rivojlantirish;
sakkizinchidan, ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish hamda yanada takomillashtirish, ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishiga olib kelayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish;
to‘qqizinchidan, ichki ishlar organlari barcha bo‘linmalarining faoliyati yanada samarali bo‘lishini ta’minlaydigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;
o‘ninchidan, ichki ishlar organlari faoliyatining moddiy-texnika ta’minotini yanada yaxshilash, xodimlarning samarali ishlashi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, ularni xizmat turar joylari bilan ta’minlash.
2. 2017-yil 1-oktabrdan quyidagi tartib o‘rnatilsin:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan bir yilda ikki marta O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi holati to‘g‘risidagi hisoboti eshitiladi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari Toshkent shahar va viloyatlar Kengashlari tomonidan har chorakda tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining hisobotlari eshitiladi;
xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari tomonidan har chorakda tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) boshliqlarining hisobotlari hamda har oyda ularning yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari – huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi (bo‘linmasi) boshliqlarining hisobotlari eshitiladi.
Ichki ishlar organlari mansabdor shaxslarining hisobotlari eshitilayotganda ular zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilishi yuzasidan ko‘rilayotgan choralar va ishlar natijasi tanqidiy muhokama qilinishi, ular faoliyatining samaradorligiga alohida baho berilishi, shuningdek egallab turgan lavozimiga loyiq yoki noloyiqligi haqida tavsiyalar qabul qilinishi belgilab qo‘yilsin.
3. Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi negizida – Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi hamda Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi;
Ekspert-kriminalistika markazi va Ekspert-portlatish texnikasi markazi negizida – Ekspert-kriminalistika bosh markazi;
Moliya-iqtisodiyot boshqarmasi, Moddiy-texnika ta’minoti boshqarmasi, Xo‘jalik boshqarmasi, Kapital qurilish boshqarmasi negizida – Moliya va moddiy-texnika ta’minoti bosh boshqarmasi;
Tashkiliy-inspektorlik boshqarmasining Xalqaro hamkorlik bo‘limi hamda Inson huquqlarini himoya qilish va yuridik ta’minlash boshqarmasining Inson huquqlarini himoya qilish va ushbu sohada xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik bo‘limi negizida – Xalqaro hamkorlik boshqarmasi tashkil etilsin.
4. Quyidagilar:
Tergov bosh boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamentiga;
Shaxsiy tarkib bilan ishlash xizmati Kadrlar bosh boshqarmasiga;
Tashkiliy-inspektorlik boshqarmasi Tashkiliy-inspektorlik va axborot-tahlil bosh boshqarmasiga;
Xorijga chiqish, kirish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasiga;
Shaxsiy tarkib bo‘yicha maxsus inspeksiya O‘z xavfsizligi boshqarmasiga;
Kotibiyat Jismoniy, yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va ish yuritish boshqarmasiga;
Aloqa bo‘limi Axborot texnologiyalari, aloqa va axborotni himoyalash boshqarmasiga;
Transportdagi ichki ishlar boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash boshqarmasiga, tarmoq ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari, bo‘linmalari) transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘limlariga;
Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti Harbiy-texnika institutiga;
Yong‘in xavfsizligi oliy texnik maktabi Yong‘in xavfsizligi institutiga;
serjantlar tarkibini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlari ichki ishlar organlari xodimlarini boshlang‘ich tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlariga o‘zgartirilsin.
5. Tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi (bo‘linmasi) boshlig‘i lavozimi joriy etilsin va u profilaktika inspektorlari ishini, avvalambor, voyaga yetmaganlar hamda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha ishini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish uchun javobgar bo‘lishi belgilansin.
6. Quyidagi ustuvor yo‘nalishlar nazarda tutilgan Ichki ishlar organlari tizimini tubdan isloh qilish kompleks chora-tadbirlar Dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish, vazifa va funksiyalarini maqbullashtirish bo‘yicha institutsional o‘zgarishlar;
ichki ishlar organlarining faoliyatini ochiq va oshkora, shuningdek fuqarolarning ularga ishonchi oshishini ta’minlaydigan tarzda tashkil etish;
kadrlarni tayyorlash, tanlash va joy-joyiga qo‘yishning ilg‘or mexanizmlarini joriy etish, ularning malakasi, ma’naviy-axloqiy fazilatlarini oshirish orqali kadrlar salohiyatini mustahkamlash;
ichki ishlar organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;
ichki ishlar organlarining moddiy-texnika bazasi, xodimlarni ijtimoiy himoya qilish va uy-joy-maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash.
Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi uchun vazirlik va idoralarning rahbarlari shaxsan javobgar ekanligi belgilab qo‘yilsin.
7. Ichki ishlar organlari tizimini tubdan isloh qilish kompleks chora-tadbirlar Dasturini amalga oshirish bo‘yicha Maxsus komissiya 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Maxsus komissiya (A.A.Azizov):
vazirlik va idoralar mutaxassislari, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalarining yetakchi olimlari, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillarini jalb qilgan holda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash bo‘yicha ekspert guruhlarini tuzsin va ularning samarali ish olib borishini tashkil etsin;
qonun hujjatlari, huquqni qo‘llash amaliyoti chuqur tanqidiy tahlil qilinishini va ilg‘or xorijiy tajriba o‘rganilishini, shu asosda Dasturda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari tayyorlanishini ta’minlasin;
Dasturda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari izchil va sifatli tayyorlanishi, o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi va belgilangan tartibda kiritilishini, shuningdek boshqa tadbirlar amalga oshirilishini doimiy nazorat qilsin.
8. 2025-yilning 1-yanvariga qadar O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va Dastur tadbirlarini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan uskunalar, texnika, aloqa tizimi va vositalari, dasturiy ta’minot mahsulotlari hamda boshqa moddiy-texnik vosita va resurslar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvlari uchun yig‘imlardan tashqari) ozod etilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda bir hafta muddatda ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ichki ishlar organlarining yangi tashkil etilayotgan bo‘linmalarini joylashtirish, jihozlash va ular faoliyatining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda to‘liq faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash uchun boshqa tashkiliy masalalarni hal etish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar kiritsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B.Murodov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 10-aprel
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar
organlarining faoliyati samaradorligini tubdan
oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari,
erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli
himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini
kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga
SHARH
O‘tgan davr mobaynida olib borilgan tizimli chora-tadbirlar yakuni bo‘yicha jinoyatlar va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi, jamoat tartibini saqlash va aholi xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida muayyan natijalarga erishildi. Ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy sohalarini huquqiy jihatdan tartibga solishga yo‘naltirilgan “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”, “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.
Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi sifatida ichki ishlar organlari faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash, ularning vazifalari, huquqlari va majburiyatlarini qonun darajasida belgilash, ichki ishlar organlari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish maqsadida o‘tgan yilning sentabr oyida “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.
Biroq, mazkur Qonun talablarini amaliyotga joriy etish imkoniyatlari, shuningdek fuqarolarning ichki ishlar organlari faoliyatiga doir murojaatlarini o‘rganish sohada hamon o‘z yechimini kutayotgan ko‘plab muammo va masalalar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili ichki ishlar organlari faoliyatini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish va tubdan takomillashtirish zarurligidan dalolat bermoqda.
Milliy va xorijiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, jinoyat va boshqa huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirishda texnika vositalaridan foydalanish, huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs ustidan nazoratni kuchaytirish kabi an’anaviy chora-tadbirlar jinoyatchilik darajasini kamaytirishda har doim ham kutilgan natijalarni bermayapti. Bu esa, o‘z navbatida, huquqbuzarliklar profilaktikasida yangi ish uslublarini qo‘llash, aholi va jamoatchilik bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish, ichki ishlar organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, shuningdek zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish lozimligini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bunday kamchiliklarni bartaraf etish va o‘z yechimini kutayotgan muammolarni hal etishga qaratilgan.
Farmonda mavjud jiddiy kamchilik va muammolar, ularning kelib chiqish sabablari hamda salbiy oqibatlari chuqur tahlil qilingan.
Jumladan, respublika, viloyat va tuman darajasidagi bo‘linmalar o‘rtasida asosiy vazifa va funksiyalar aniq taqsimlanmagan, ichki ishlar organlarining ish hajmi tashkiliy-shtat tuzilmasiga mos kelmaydi. Buning oqibatida yuqori bo‘g‘indagi ayrim bo‘linmalar xodimlari o‘z ish faoliyatida mavjud kuch va imkoniyatlarini to‘liq ishga solmayotgan bir paytda, quyi bo‘g‘in bo‘linmalari xodimlari zimmasidagi xizmat vazifalari ularning haqiqiy imkoniyatlaridan ancha yuqoriligicha qolmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, xodimlarning o‘z xizmat majburiyatlarini bajarishda mas’uliyatning susayishiga sabab bo‘lmoqda.
Ichki ishlar organlari mansabdor shaxslari, profilaktika inspektorlarining aholi bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazmayotganligi va jamoatchilik bilan hamkorlik qilmayotganligi sababli aholining muammo hamda tashvishlaridan xabardor emasligi tizimning eng asosiy vazifasi hisoblangan profilaktika ishlarida jiddiy kamchiliklarni yuzaga keltirmoqda.
Tizimda ish faoliyatining samaradorligi va mahsuldorligiga erishish, avvalambor, aholi bilan bevosita muloqot o‘rnatish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqin hamkorlik va hamjihatlikni yo‘lga qo‘yishni talab etadi.
Ichki ishlar organlari faoliyatidagi mavjud fuqarolar murojaatlari bilan ishlashga yetarlicha e’tibor bermaslik, befarqlik, ishga yuzaki munosabatda bo‘lish va rasmiyatchilik, aholi bilan muloqot qilish madaniyatining pastligi, afsuski achchiq haqiqatdir. Oqibatda bunday vaziyatdan norozi bo‘lgan fuqarolar yuqori tashkilotlarga shikoyat qilmoqda.
Farmonda bu kabi muammo va kamchiliklarni hal etish uchun ichki ishlar organlari tizimini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi. Xususan, ichki ishlar organlarini aholiga o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatadigan ijtimoiy yo‘naltirilgan professional xizmatga aylantirish zarurligi, “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” har bir xodimning asosiy xizmat burchi ekani qayd etildi.
Shuningdek, Farmonda barcha bo‘g‘indagi xodimlarning asosiy vazifalarini oqilona taqsimlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan, aholi bilan doimiy manzilli muloqot o‘rnatish, ichki ishlar organlari rahbarlarining hokimiyat vakillik organi timsolida xalq oldida hisobot berish amaliyotini joriy qilish, ichki ishlar organlari faoliyatining moddiy-texnika bazasini yanada yaxshilash kabi asosiy yo‘nalishlar alohida belgilab berilgan.
Farmonda ichki ishlar organlari faoliyati ustidan parlament va jamoatchilik nazoratining yangi tizimi o‘rnatilmoqda. Jumladan, Oliy Majlis Senati tomonidan bir yilda ikki marta O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi holati to‘g‘risidagi hisobotini eshitish tartibi joriy etilmoqda. Xuddi shunday, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari Toshkent shahar va viloyatlar Kengashlari har chorakda tegishli ichki ishlar organlari hududiy bo‘linmalari rahbarlarining hisobotlarini eshitadi. Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari har chorakda tuman (shahar) ichki ishlar bo‘linmalari rahbarlarining hisobotini, har oyda esa uning yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining hisobotini eshitadi.
Ushbu eshituvlar davomida ichki ishlar organlari mansabdor shaxslari tomonidan o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga, xususan, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi, jinoyatlarni fosh etish, jinoyatchilik holatini, huquqbuzarliklar ko‘payishiga olib keladigan sabab va shart-sharoitlarni tahlil qilishga doir ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tanqidiy muhokama qilinadi. Eshituvlar yakunlari bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligiga baho beriladi, shuningdek mansabdor shaxslarga nisbatan egallab turgan lavozimiga loyiq yoki noloyiqligi haqida tavsiyalar qabul qilinadi.
Ichki ishlar organlari quyi bo‘g‘ini faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida Farmon bilan tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (bo‘limlari) boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari – huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi (bo‘linmasi) boshlig‘i lavozimini joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Uning zimmasiga profilaktika inspektorlari ishini, avvalambor, voyaga yetmaganlar hamda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha ishini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish vazifasi yuklatiladi.
Shu bilan birga, Farmonda tizimda qator tashkiliy o‘zgartishlar nazarda tutilgan. Ayni paytda dunyoning turli mintaqalarida xalqaro terrorizm va diniy ekstremizmning yangi tahdidlari paydo bo‘layotgani jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi faoliyatni ichki ishlar organlarining birinchi darajali vazifasi sifatida yanada kuchaytirish zarurligini taqozo etmoqda. Ushbu holatlar e’tiborga olingan holda, Jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi negizida Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi hamda Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi tashkil etilmoqda.
Jinoyatlarni tergov qilish ichki ishlar organlarining yana bir muhim vazifalaridan biridir. Shu munosabat bilan, tergov organlarining mustaqilligini ta’minlash, ularning o‘z vakolatlarini amalga oshirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida Tergov bosh boshqarmasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamentiga o‘zgartirilmoqda.
Ta’kidlash o‘rinliki, kadrlar bilan ishlash, ularni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi qoniqarli darajada emasligi ichki ishlar organlari faoliyatidagi mavjud kamchilik va muammolar sabablaridan biridir.
Tizimga bilimli, o‘z ishiga sodiq va mas’uliyat bilan yondashadigan, huquq-tartibot va jamoat xavfsizligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishni o‘zining muqaddas burchi hamda asosiy majburiyati deb biladigan kadrlarni jalb qilishga yetarlicha e’tibor berilmayapti. Bu boradagi kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek kadrlar bilan ishlashning yangi tizimini yaratish maqsadida Kadrlar bosh boshqarmasi va O‘z xavfsizligi boshqarmasi tashkil etiladi.
Bundan tashqari, serjantlar tarkibini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlari, Toshkent oliy harbiy-texnika bilim yurti va Yong‘in xavfsizligi oliy texnik maktabi faoliyati ham qayta ko‘rib chiqildi. Ular yangi talablar asosida faoliyat yuritadigan ichki ishlar organlari xodimlarini boshlang‘ich tayyorlash va malakasini oshirish markazlari, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Harbiy-texnika va Yong‘in xavfsizligi institutlariga aylantiriladi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining xalqaro aloqalari kengayib, inson huquqlarini himoya qilish sohasida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligi jadal rivojlanmoqda. Biroq, bugungi kungacha vazirlikning ushbu yo‘nalishdagi faoliyati bir necha bo‘linmalar tomonidan ikkinchi darajali vazifalar sifatida amalga oshirib kelingan. Shular e’tiborga olinib, Farmon bilan tegishli tarkibiy bo‘limlar negizida Xalqaro hamkorlik boshqarmasi tashkil etiladi.
Shuningdek, pasport tizimi talablarini amalga oshirish, xorijga chiqish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va bo‘lish qoidalarini bajarish ustidan nazoratni amalga oshirish masalalari bo‘yicha ham muammolar mavjud. Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasining aholi ko‘p murojaat qiladigan tuman (shahar) bo‘limlarida ish hajmining to‘g‘ri taqsimlanmaganligi sababli noqulayliklar va sansalorliklar yuzaga kelmoqda. Ichki ishlar organlari faoliyatini tubdan isloh qilish zarurligi e’tiborga olinib, ushbu yo‘nalishda Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni talablari yetarli darajada bajarilmayotgani ko‘p jihatdan asosiy vazifasi murojaatlar bilan ishlash hisoblangan aniq tarkibiy tuzilmaning yo‘qligi bilan bog‘liqdir. Buning oqibatida fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.
Shu munosabat bilan Farmonda Ichki ishlar vazirligining Jismoniy, yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash va ish yuritish boshqarmasini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Farmonda qayd etilgan asosiy vazifalarni bajarish bo‘yicha zarur tashkiliy va huquqiy mexanizmlarni amalga oshirish maqsadida Ichki ishlar organlari tizimini tubdan isloh qilish kompleks chora-tadbirlar Dasturi tasdiqlandi.
Farmon ichki ishlar organlari tizimida tub islohotlarning yangi bosqichini boshlab beradi. Uning ijrosini ta’minlash qonun ustuvorligiga erishish, huquqbuzarliklar profilaktikasini o‘z vaqtida amalga oshirish, huquq-tartibot va jamoat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi, pirovard natijada esa fuqarolar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish borasida ichki ishlar organlari butun tizimi va har bir xodim faoliyati samaradorligi oshadi.