Ichimlik suvini tejash madaniyati nega bugun har qachongidan muhim?
Suv – hayot manbai. Biroq bugun dunyoda, ayniqsa, iqlim o‘zgarishi ta’siri kuchayib borayotgan mintaqalarda chuchuk suv resurslarini asrash va undan oqilona foydalanish eng dolzarb masalalardan biriga aylanmoqda.
O‘zbekiston ham suv resurslari cheklangan davlatlar qatoriga kiradi. Mutaxassislar so‘nggi o‘n yilliklarda Markaziy Osiyodagi muzliklar maydoni sezilarli qisqarganini, kelgusida esa suv tanqisligi yanada kuchayishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Shu bois mamlakatimizda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, soha infratuzilmasini modernizatsiya qilish va eng muhimi, suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda mazkur sohaga katta sarmoyalar yo‘naltirilib, minglab kilometr ichimlik suvi tarmoqlari barpo etildi, millionlab aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyoji ta’minlandi. Biroq infratuzilmani rivojlantirish bilan bir qatorda suvni tejash madaniyatini shakllantirish ham bugungi kunning muhim vazifasi bo‘lib qolmoqda.
Mavzu yuzasidan “O‘zsuvta’minot”AJ boshqarma boshlig‘i Islom Abdullayev bilan suhbatlashdik.

– Keyingi yillarda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida qanday natijalarga erishildi?
– Mamlakatimizda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun ham so‘nggi yillarda sohaga yirik investitsiyalar yo‘naltirildi.
Xususan, aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 2017-yildagi 63 foizdan bugungi kunda 83 foizga yetkazildi.
So‘nggi to‘qqiz yilda sohaga 35 trillion so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirildi. Bu hisobidan 3,4 mingdan ziyod suv inshooti, 43 ming kilometrga yaqin ichimlik suvi tarmoqlari qurildi va rekonstruksiya qilindi. Natijada qariyb 8 million aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 11,5 million nafar fuqaroning suv ta’minoti yaxshilandi.

– Ammo suv resurslari yil sayin kamayib bormoqda. Bu qanday xavflarni keltirib chiqarmoqda?
– Bugungi kunda eng katta chaqiriqlardan biri global iqlim o‘zgarishidir.
Aholi sonining ortishi, iqtisodiyot tarmoqlarining kengayishi va suvga bo‘lgan ehtiyojning oshib borishi mavjud resurslarga bosimni kuchaytirmoqda. Shu bilan birga, Markaziy Osiyodagi muzliklar qisqarishi ham kelgusida suv ta’minotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shuning uchun bugun suvni tejash faqat iqtisodiy emas, balki ekologik va strategik vazifaga aylandi.
– Bu borada davlat tomonidan qanday choralar ko‘rilmoqda?
– Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan suv resurslarini boshqarish va ulardan samarali foydalanishga qaratilgan qator konsepsiya va dasturlar qabul qilingan.
Ayniqsa, qishloq xo‘jaligida suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor berilmoqda. Tomchilatib sug‘orish va boshqa zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash orqali suv sarfini sezilarli darajada kamaytirish ko‘zda tutilgan.
Shu bilan birga, 2026-2030-yillarda yana 1500 dan ortiq mahallani markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
– Infratuzilma qanchalik rivojlanmasin, suvdan oqilona foydalanish madaniyati ham muhim. Bu borada qanday muammolar bor?
– Albatta. Bugungi kunda asosiy masala faqat suvni yetkazib berish emas, balki uni tejashdir.
Afsuski, ayrim holatlarda ichimlik suvidan avtomashina yuvish, yo‘lak va hovlilarni ortiqcha suv bilan yuvish kabi maqsadlarda foydalanish holatlari ham uchrab turadi. Bu esa qimmatli resursning behuda sarflanishiga olib keladi.
Suvni tejash madaniyati har bir oiladan, har bir fuqarodan boshlanishi kerak.
Bu yerda targ‘ibot va ta’lim ham juda muhim.
Suvni asrash g‘oyasi maktabgacha ta’lim muassasalaridan boshlab oliy ta’lim tizimigacha izchil singdirilishi lozim. Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, turli aksiyalar va ijtimoiy roliklar orqali ham aholi o‘rtasida suvni tejash madaniyatini yanada kuchaytirish mumkin.
Chunki har bir tejalgan litr suv kelajak uchun saqlab qolingan boylikdir.

Suv resurslarini asrash va ulardan samarali foydalanish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash, sohani modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq bu jarayonda har bir fuqaroning mas’uliyati ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Suvni tejash bugungi ehtiyoj emas, ertangi avlod oldidagi burchdir.
Nilufar Bozorova, O‘zA