Ichimlik suvi: zamonaviy yondashuvlar ommalashmoqda
“Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ tomonidan jurnalist va blogerlar uchun “Qibray” suv inshootiga press-tur tashkil etildi. Unda mutaxassislar tomonidan mazkur inshootning poytaxt aholisini ichimlik suvi bilan ta’minlashdagi ahamiyati, uning texnik va texnologik imkoniyatlari, so‘nggi yillarda bu yerda amalga oshirilgan loyihalar, obodonlashtirish ishlari tanishtirildi.
Qayd etilishicha, “Qibray” suv inshooti yer osti suv manbai hisoblanadi va 1955 yil may oyida ishga tushirilgan. Bu yil uning faoliyat boshlaganiga 70 yil to‘ldi. Inshoot “Chirchiq” daryosining Qibray va Yuqori Chirchiq tumanlaridan o‘tgan qismida, ya’ni, daryoning o‘ng qirg‘og‘ida 110 gektar, chap qirg‘og‘ida 169,6 gektar yer maydonlarida joylashgan. Uning umumiy maydoni 279,6 gektar yerdan iborat. Press-turda OAV vakillariga dastlab inshootning dispetcherlik xizmati faoliyati tanishtirildi. Bu yerda barcha jarayonlar kompyuterlashtirilgan bo‘lib, xodimlar tomonidan har bir jarayon nazoratga olingan.

– Inshootning kunlik suv berish quvvati 456 ming kub metrga teng. Ushbu hajmdagi suv yer ostidan 83 ta quduq orqali tortib olinadi, – deydi “Qibray” suv inshooti bosh muhandisi Nodir Muhamedjonov. – Ayni kunda talabdan kelib chiqib iste’molchilarga bir kecha kunduzda 230 ming kub metr atrofida suv uzatilmoqda. Olingan suvni zararsizlantirib tarmoqlar orqali aholiga uzatish uchun hozir bu yerda 2 ta tindirgich, 2 ta infiltratsion hovuz, 23 kilometr uzunlikdagi infiltratsion ariq, hajmi 400 millimetrdan 1 ming 400 millimetrgacha bo‘lgan 35,4 kilometr uzunlikdagi tarmoqlar, xlorlash, suv zaxira ombori va boshqa xo‘jaliklardan foydalaniladi.

2007-2008 yillar Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki tomonidan berilgan imtiyozli kreditlar hisobiga I-bosqich nasos stansiyalari rekonstruksiya qilinib, “FLUGT” kompaniyasining 62 dona nasos qurilmalari o‘rnatildi. I-bosqich nasos stansiyasi, suv quvurlaridan masofadan ma’lumot olish va boshqarish tizimi ishga tushirildi. Inshoot imkoniyatlarini kengaytirish, undan samarali foydalanish, eng asosiysi, texnik va texnologik jihatdan yangilash maqsadida yana qator loyihalar amalga oshirildi.

Xususan, elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish maqsadida 4750 metr uzunlikdagi yuqori kuchlanishli kabellar yangilandi. O‘nta birinchi bosqich nasos stansiyalari binolari, shuningdek, inshootning o‘ng va chap qirg‘og‘ini bog‘lovchi ko‘prik ham kapital ta’mirlandi. Fransiyaning “Suez” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi “Toshkent shahar ichimlik suv va oqova suv tarmoqlarini transformatsiya qilish” loyihasiga asosan “Qibray” suv inshootida ham qator ishlarga qo‘l urildi. Shunga asosan bu yerda quduqlarda profilaktik texnik xizmat ko‘rsatish va joriy ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun standart ish tartibi ishlab chiqilmoqda.
Quduqlarning mahsuldorligini oshirish uchun ko‘chma sarf o‘lchagich, ko‘chma bosim o‘lchagichlar, ko‘chma sath datchiklari, ko‘chma energiya o‘lchagichlar kabi uskunalar taqdim yetiladi. Inshootning 6 ta chiqish nuqtasida va Qodiriya bosh suv inshooti bilan o‘zaro kesishgan 1 ta nuqtada sarf o‘lchagichlari o‘rnatiladi. Bu inshootda suv yo‘qotishlarini, shuningdek, inshootdan shaharga kirish nuqtalari o‘rtasidagi suv balansini nazorat qilish imkonini beradi.

Press-tur davomida ishtirokchilar toza suv chiqarilayotgan quduqlardan birida ham bo‘ldi. Mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilardan javoblar oldi. Oxirgi vaqtlarda aholi orasida poytaxt hududida ichimlik suvining sifati yomonlashgani, ayrim oilalar xonadonlarda ichimlik suviga maxsus filtr qo‘yishga majbur bo‘layotgani kabi holatlar asossiz ekani aytildi. Jurnalistlar quduqdan suv ichib, uning tozaligiga yana bir bor guvoh bo‘ldi.
A.Musayev,O‘zA.