Ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi
Aholini toza va sifatli ichimlik suv bilan ta’minlash hamda oqova suv xizmatlarini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2022 yil 24 maydagi “Aholining ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal vazifasini bajarmoqda. Toshkent viloyatining barcha hududlarida tizimdagi amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami yanada kengaydi.
Xususan, hudud aholisining 74,5 foizi markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanishi, oqova suv xizmati esa, 20,1 foizni tashkil etishi kerak edi. Mazkur reja bo‘yicha tizimli ishlar qilindi. Maqsad ichimlik suv ta’minoti va oqova suv xizmatlari qamrovini oshirish orqali oilalarning munosib turmush sharoitini yaratishdir.

Soha mutaxassislarining sarhisobiga ko‘ra, 2023 yil joylarda jami 1 ming 174,8 kilometr tarmoq tortish va 204 dona suv qudug‘ini qazish ishlari bajarilgan. Tuman-shaharlardagi ob’ektlarning 367 tasida qurilish ishlari yakunlangan va 14 tasida esa, bu jarayon hali davom etmoqda. Ushbu ishlar yakunlangandan so‘ng viloyat aholisining ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasi 82,0 foizga ko‘tarilishi kutilmoqda.
Masalan, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida xalqaro moliya institutlari bilan keng hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Osiyo taraqqiyot banki mablag‘larini jalb qilgan holda Toshkent tumanidagi suv taqsimlash inshootlari rekonstruksiya qilinmoqda. Mazkur loyihani amalga oshirilishi natijasida hududdagi aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 92 foizga yetishi kutilmoqda. Ya’ni 30 ga yaqin mahalladagi 120 ming nafarga yaqin aholida suvi bilan bog‘liq muammolar bo‘lmaydi.

“Toshkent suv ta’minoti” MCHJning tuman-shahar filiallari tasarrufida bo‘lgan suv inshootlaridagi 920 ta nasos agregatlari orqali jami 126 million 37 ming kub metr ichimlik suv ishlab chiqarilgan. Biroq mazkur tizimda mavjud muammolar ham yetarlicha. Masalan, shu davrda ichimlik suv texnologik yo‘qotilish ko‘rsatkichi 38,7 foizni tashkil etmoqda. Ichimlik suv tarmoqlarining 2 ming 586 kilometr qismi ta’mirtalab ahvolda. Bularni bartaraf qilish maqsadida shu kunlarda ayrim joylardagi ichimlik suv tarmoqlari rekonstruksiya qilinib, nasos agregatlari almashtirilmoqda.
– Bu ishlar uchun hududlarda dispetcherlar, avariyalarni bartaraf etish bo‘yicha brigadalar, malakali ishchi-xodimlar jalb qilingan, – deydi “Toshkent suv ta’minoti” MCHJning Ishlab chiqarish texnik bo‘limi boshlig‘i Azamat Ashirmetov. – Bugungi sovuq kunlarda ham mutaxassislarimiz joylardagi mavjud muammolarni bartaraf qilish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, Yuqori Chirchiq tumani, Bekobod shahridagi nosozliklarga o‘z vaqtida chora ko‘rildi.
A.Musayev,O‘zA.