Ichimlik suvi ta’minoti yanada yaxshilanmoqda
Rishton tumanidagi “Pandigon” mahalla fuqarolar yig‘inida “Obod mahalla-obod ko‘cha-obod xonadon” mezonlari doirasida 7,5 kilometr toza ichimlik suvi tarmoqlari tortildi.Natijada 4 mingdan ortiq aholi xonadoniga obi-hayot kirib bordi.
-Bu kunlarni yarim asrdan buyon orzu qilganmiz,–deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Maxsud Mahkamov.-Prezidentimiz tashabbusi bilan chekka mahalla va qishloqlarda aholi kundalik hayot tarzi uchun muhim bo‘lgan masalalar yechimiga bo‘lgan e’tibor tufayli qishlog‘imiz obod bo‘ldi. Ayniqsa, toza ichimlik suv bilan ta’minlash yo‘lida amalga oshirilgan ishlar aholi ruhiyatini ko‘tardi, ko‘cha va xonadorlarga fayzu baraka kiritdi.
Pandigon qishlog‘i tuman markazidan olisda joylashgan. Shu kunga qadar markazlashgan toza ichimlik suvi tarmog‘i yo‘q edi. Suv 5-6 chaqirimdan tashib kelingan, pulga sotib olingan. Qish sovug‘i, yoz jaziramasida bu masala dolzarb muammoga aylangan. Qo‘lbola idishlarda saqlangan suvlar o‘z xususiyatini yo‘qotib, turli yuqumli kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lgani ham bor gap.

–Esimni taniganimdan buyon suvni tashib ichamiz,–deydi xonadon bekasi Shoiraxon Toshmatova. -Ba’zan suv topa olmay, muhofaza qilinmagan hovuz, ariq, zovurlardan suv ichishga majbur bo‘lganmiz. Endi barcha qiyinchiliklar ortda qoldi. Mahallamizdagi har bir xonadonga suv tarmog‘i tortib berildi. Bu bilan ayollar, bolalar uchun juda katta imkoniyat, qulayliklar yaratildi. Bu suvni isrof qilmasdan, ortiqcha ovvoragarchiliklarsiz uy yumushlarini bajarish, sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilish imkoniyatini berdi.
Keyingi yillarda Farg‘ona viloyati aholisining toza ichimlik suvga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida olib borilayotgan istiqbolli loyihalar ko‘lami kundan kunga kengayib bormoqda. Natijada, ichimlik suvi yetkazib berish imkoniyatlari yaxshilanyapti. O‘tgan yilning o‘zida barcha dasturlar doirasida 716,3 milliard so‘m hisobiga 371 ta ob’ektda 1 ming 718 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari qurildi. Buning hisobiga 351 dan ortiq mahallalardagi 32 ming nafardan ziyod aholi ilk bor toza ichimlik suvi bilan ta’minlanib, 240 ming nafardan ortiq aholining bu boradagi imkoniyatlari yaxshilandi.
-So‘nggi yetti yilda viloyat aholisining toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi sakson foizdan oshdi,-deydi “Farg‘ona suv ta’minoti” AJ direktori Murodjon Yuldashev.-Asosiy e’tiborni ichimlik va oqava suv tizimlari og‘ir bo‘lgan hududlardagi mavjud vaziyatni yaxshilashga qaratganmiz. Shu maqsadda aholi punktlarida ichimlik suv quduqlari qazish, suv nasoslari, minora va transformatorlar o‘rnatish, zararsizlantirish uskunlari bilan jihozlashga e’tibor berib kelayapmiz. O‘tgan yilning o‘zida, 371 ta ob’ektda 1 ming 718 kilometr ichimlik va oqova suv tarmoqlari tortildi. Natijada 351 dan ortiq mahallalardagi 32,1 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlanib, 240 ming nafar aholining ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi. Jamiyat tomonidan 357 dona suv nasoslari hamda 89,9 kilometr ichimlik va oqava suv tarmoqlari mukammal va joriy ta’mirlandi.
Prezidentimizning “2024-2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Farg‘ona viloyatida 6 ta ichimlik va oqava suv ob’ektlari uchun ajratilgan mablag‘lar hisobiga 98,2 kilometr ichimlik va oqava suv tarmog‘i va 15 ta suv inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya ishlari amalga oshirish rejalashtirilgan. Joriy yilning birinchi choragida bu yo‘nalishlarda 42,7 kilometr ichimlik va oqava suv tarmog‘i va 4 ta inshootlarda qurish hamda rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Buning hisobiga 40 ming nafar aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi, 6,3 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, keyingi ikki yilda 1736 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortish va 375 ta inshoot qurish yuzasidan manzilli dastur asosida qurilish- montaj ishlari amalga oshiriladi.
M.Sulaymonov, O‘zA muxbiri