Buxoro viloyatida so‘nggi besh yil ichida 2044,0 ming nafar aholining 1511,6 mingdan ortig‘i, yoki 74 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Prezidentimizning 2023 yil 25 dekabrdagi “2024 – 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori doirasida ichimlik suv ta’minoti Buxoro viloyatining Olot tumanida 86,0 foizdan, 99,7 foizga, Qorako‘l tumanida 53,0 foizdan, 98,6 foizga, Buxoro tumanida 55,0 foizdan, 94,3 foizga hamda Qorovulbozor tumanida 49,6 foizdan, 100 foizga oshirilishiga erishildi. Xususan, “Osiyo” infratuzilma investitsiyalari banki ishtirokida “Buxoro viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish” loyihasining 1-bosqichi bu borada muhim o‘rinni egalladi.
Viloyatning eng olis tumanlaridagi yirik loyiha doirasida quvvati sutkasiga 50 ming m3 bo‘lgan “Dvoynik” suv tozalash inshooti rekonstruksiya qilindi. 22 km uzunlikda “Dvoynik-Olot” magistral suv tarmog‘i, “Yangibozor” hamda “Jumabozor” suv tarqatish inshootlari qurildi. “Olot” va “Do‘stlik” nasos stansiyalarida rekonstruksiya ishlari nihoyasiga yetkazildi. Jami 3107 km ichimlik suv tarmoqlari va 37 dona suv minoralari qurilib, loyihada belgilangan 47784 dona abonentga suv o‘lchagichlari o‘rnatildi.
[gallery-25174]
– Shifokor bo‘lib ishlaganman. Olot tumani doim yuqumli kasalligi yuqoriligidan tanqid qilinardi, – deydi Olot tumani hokimi Nargiza Ne’matova. – Yig‘ilishlarda faqat jazolanardik va muammoning yechimi yo‘q edi. Tumanning rahbari sifatida shukur deyman, davlat rahbarining tashabbusi bilan tumanimiz 100 foiz toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Bu sog‘lom turmush tarzi va umrning uzayishi degani. Qolaversa, ayol sifatida xotin-qizlarga sharoitlar yaratildi. Yaqinda loyiha qilingan kanalizatsiya ham olotliklar uchun yaratilgan imkoniyat, sharoit degani. Buning barchasi “Inson qadri uchun”, insonning manfaati uchun xizmat qilyapti. Eng chekka hududlarimiz ham bugun toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Yaqin kunlargacha olotliklar kanallardagi, ariqlardagi loyqa suvlarni tindirib iste’mol qilib kelgan.
Buxoroda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida 1 million 254 ming aholi markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi va 165 ming aholi markazlashgan oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinishi rejalashtirilgan. Bu ham o‘z navbatida hududlarning turmush madaniyati ortishiga xizmat qiladi.
– Buning hammasi Prezidentimizning xalqimizga berayotgan imkoniyati, – deydi mehnat faxriysi Juma Haqqiyev. – Shunaqa bir ishlar bo‘ldi, hech bir aql bovar etmaydi. Rahmat Prezidentimizga, mana shunday imkoniyatlarni yaratib beryapti.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 avgustdagi qaroriga asosan “Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki ishtirokida “Buxoro viloyatining suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish va modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risi”dagi Paket bo‘yicha Olot tumani markazida kanalizatsiya tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha, loyihaning qiymati 17,7 million AQSH dollariga 1 ta quvvati sutkasiga 3800 m3 oqova suv tozalash inshooti, tuman markazida 20 ta oqova nasos stansiyasi qurish, 129 km oqova suv tarmoqlarini tortish ham reja qilingan. Bu bilan tumandagi 11 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 26 500 nafar aholi ilk bor oqova tizimiga ulanadi.
– 2021 yildan mahalla raisi sifatida faoliyat yuritaman, – deydi “Eski Olot” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Dilbar Otamurodova. – Toza ichimlik suvining kelishi mahallaga tozalik, obodonchilikning kirib kelishi deb bildim. Avvallari shahardagi mahalla bo‘lsak ham suv tashilgan, toza ichimlik suvi bo‘lmagan. Bugun bizning mahalla balki tumanimiz aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Yana bir muhim jihat, amalga oshirilgan ishlar natijasida olis tumandagi aholi xonadonlaridan tashqari, sanoat korxonalari, ijtimoiy soha ob’ektlari ham to‘liq toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.