Ichimlik suvi taʼminoti yaxshilanadi
Ushbu mablagʻlar hisobidan 299 ta ichimlik va oqova suv tizimlarini qurish hamda rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Milliy matbuot markazida 2020-yilda ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish va modernizatsiya qilish boʻyicha rejalashtirilgan loyihalar ijrosiga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Investitsiya dasturlarini shakllantirish va monitoring qilish bosh boshqarmasi boshligʻi Aziz Erkabayev, vazirlik tizimidagi tashkilot va korxonalar rahbarlari tomonidan tizimda amalga oshirilayotgan ishlar xususida maʼlumot berildi.
Taʼkidlanganidek, toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyojini qondirish, ushbu yoʻnalishda yillar mobaynida yigʻilib qolgan muammolarni bartaraf etish davlatimiz tomonidan olib borilayotgani ijtimoiy islohotlarning asosiy yoʻnalishiga aylangan. 2020-yilda ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish va modernizatsiya kilish uchun markazlashgan manbalar hisobidan jami 1 milliard 544,6 million soʻm ajratilgan. Ushbu mablagʻlar hisobidan 299 ta ichimlik va oqova suv tizimlarini qurish hamda rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Bunda 1 ming 894,6 kilometr ichimlik va 263,3 kilometr oqova suv tarmogʻini qurish, 140 dona suv inshooti, 126 dona suv qudugʻi, 194 dona rezervuar, 36 dona suv minorasi va 141 dona transformator, 19 dona oqova suv tozalash inshooti, 8 dona oqova suv nasos stansiyasi qurish hamda rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish belgilangan. Ushbu saʼy-harakatlar natijasida 1 ming 279 nafardan ortiq aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash va 250 ming nafardan ortiq aholining oqova suv xizmati yaxshilanishi kutilmoqda. Shu bilan birga, barcha manbalar hisobidan ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshirilayotgan qurilish montaj ishlarida respublikamizda 46 ming nafardan ortiq aholi ish bilan taʼminlanadi.
– Hozir karantinga oid choralarga amal qilgan holda barcha obyektlarda tasdiqlangan reja-jadvallar asosida qurilish-montaj ishlari jadal olib borilmoqda, – deydi vazirlik axborot xizmati rahbari Alipasha Ahmedov. – Qurilish-montaj ishlari tender savdolari orqali aniqlangan pudratchi tashkilotlar tomonidan amalga oshirilmoqda. Xususan, 1-iyun holatiga yillik rejaga nisbatan 35 foiz miqdorda qurilish-montaj ishlari bajarildi.
Tadbirda 2020-yil yakuni bilan foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan loyihalarga ham toʻxtalib oʻtildi. Jumladan, Buxoro viloyati Olot va Qorakoʻl tumanlarida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash uchun 139 million dollar ajratilgan edi. Uning doirasida kunlik quvvati 50 ming metr kub boʻlgan suv olish inshooti, uzunligi 1 ming 800 kilometrga yaqin ichimlik suv quvurlari quriladi. Natijada mazkur tumanlarning 230 ming aholisi toza ichimlik suvi bilan taʼminlanadi. Taʼkidlash joizki, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi buyurtmachiligida amalga oshirilayotgan bu kabi loyihalar doirasida ajratilgan mablagʻlarni oʻz vaqtida va samarali oʻzlashtirish, qurilish ishlari sifatini taʼminlash masalalari doimiy nazoratga olingan.
Qurilish va rekonstruksiya ishlari yakunlangandan soʻng har bir obyekt boʻyicha mutasaddi idora va tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi hamda davlat qabul hayʼati tomonidan obyektlar qabul qilinadi. Tegishli dalolatnomalar rasmiylashtirilib foydalanish uchun hududiy “Suv taʼminoti” MCHJlarga topshiriladi. Ushbu muhim hayotiy vazifalarning amalga oshirilishi mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji, shahar va qishloqlarimizning yana-da obod boʻlishi, xalqimizning hayot darajasi va sifati yuksalishiga xizmat qiladi.
Matbuot anjumanida sohani raqamlashtirish istiqbollari, aholi murojaatlari bilan ishlash va mavjud muammolarni bartaraf etish borasida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berildi.