Ichimlik suvi: bu borada qanday ishlar amalga oshirildi?
“Andijon suv ta’minoti” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan joriy yil 1-choragida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan brifing tashkil etildi.
– O‘tgan uch oy davomida viloyat bo‘yicha jami 30 kilometr uzunlikdagi yangi ichimlik suv tarmog‘i tortilib, 2 dona suv qudug‘i qurildi, – deydi "Andijon suv ta’minoti" MCHJ direktori Shuhrat Matmusayev. – Shuningdek, 2 ta suv qudug‘ida, 24 ta suv nasosida ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, hududlarda suv ta’minoti uzluksizligiga erishildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida Andijon shahridagi Hunarmand mahallasida 200 metr, Asaka tumanidagi Alisher Navoiy nomli mahallada 1 ming 900 metr, Baliqchi tumanidagi Tovuldi mahallasida 900 metr, Buloqboshi tumanidagi Qumariq mahallasida 1000 metr, Izboskan tumanidagi Alisher Navoiy nomli mahallada 400 metr, Marhamat tumanidagi Do‘stlik mahallasida 700 metr, Uvaysiy mahallasida 200 metr, Paxtaobod tumanidagi Chorsu mahallasida 6 kilometr, Guzar mahallasida 600 metr, Shovruq mahallasida 1,4 kilometr, Jalaquduq tumanidagi Qutlug‘, Dostonobod mahallalarida 500 metrdan yangi ichimlik suv tarmog‘i tortildi. Bu bilan ko‘p yillar davomida ichimlik suvi ta’minoti bo‘yicha aholini qiynab kelayotgan muammolar ijobiy yechim topdi.
Shuningdek, brifingda butun dunyoda ichimlik suvi tanqisligi muammosi hukm surayotgan bir paytda toza ichimlik suvidan unumli va oqilona foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratish muhimligi ta’kidlandi.
Suv tanqisligining oldini olish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikning asosiy omillaridan biri suv hisoblash uskunalaridan foydalanish, ya’ni aholi xonadonlariga va boshqa iste’molchilarga suv hisoblash uskunalarini o‘rnatish ekanligi qayd etildi.
Viloyatda iste’molchilarni suv hisoblash uskunalari bilan ta’minlash ko‘lami yanada kengaygan. Joriy yil davomida 52 ming 30 ta suv hisoblagich o‘rnatilishi rejalashtirlgan bo‘lib, o‘tgan uch oy davomida iste’molchilarning 21 ming 173 tasiga suv hisoblagichlar o‘rnatib berildi.
Birgina Qo‘rg‘ontepa tumanida 2 ming 448 ta suv hisoblash uskunalari o‘rnatilgan bo‘lib, o‘tkazilgan taxlillardan ma’lum bo‘lishicha, iste’molchilar nafaqat, ichimlik suvini tejashga erishmoqda, balki, foydalanilgan toza ichimlik suvi uchun to‘lov miqdorini ham 4-5 barobarga iqtisod qilmoqda.
“Andijon suv ta’minoti” MCHJda iste’molchilar murojaatlari bilan ishlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, amalga oshirilayotgan barcha harakatlar aholi turmush sharoitini yaxshilash va ularni rozi qilishga yo‘naltirilgan. Shuning uchun ham har bir murojaat o‘rganilib, ijobiy yechimini ta’minlashga erishilmoqda. O‘tgan vaqt davomida jami 302 ta murojaat qabul qilinib, shundan 219 tasining qanoatlantirilganligi ham fikrimizga misoldir.
Viloyatda hududlarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini oshirish borasidagi ishlar ko‘lami yanada ortadi. Joriy yilda viloyat bo‘yicha jami 138 milliard 556 million so‘m mablag‘ hisobiga 42 ta hududda 487,6 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortish, 73 dona suv inshootini qurish, 23,3 kilometr oqova suv tarmog‘ini tortish va 3 ta oqova suv inshootini qurish rejalashtirilgan. Buning natijasida 93,6 ming nafar aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, 286 ming nafar iste’molchining suv ta’minoti yaxshilanadi.
2022 yil yakuniga qadar viloyatda aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 85 foizga, oqova suv xizmati ko‘rsatish esa 8,1 foizga ortishi ko‘zda tutilgan.
[gallery-6537]
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA