Ichimlik suv ta’minoti yaxshilandi
Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida Tinchlik, Navbahor, Bo‘zachi, Bo‘ston, Imom-Buxoriy, Jarqoq, Cho‘lquvar kabi 7 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud.
Ayni kunda tumanda 18 ming 800 nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning 13 ming 754 nafari o‘zbeklar bo‘lsa, qolgani qozoq, turkman, rus, tojik va tatar millatiga mansub fuqarolar. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tumanda toza ichimlik suvga bo‘lgan ehtiyoj to‘la qondiriladigan bo‘ldi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” davlat dasturlari doirasida “Cho‘lquvar” mahalla fuqarolar yig‘inida 15,2 kilometr ichimlik suv tarmog‘i tortildi. Suv manbasi sifatida “Cho‘lquvar” suv inshooti qurib foydalanishga topshirildi. “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘inida 800 dan ortiq aholini ko‘p yildirki qiynab kelayotgan toza ichimlik suv ta’minoti yo‘lga qo‘yildi. Buning uchun 8,4 kilometr masofada ichimlik suv tarmog‘i qurilib, asosiy gidroinshootga ulandi. Ayni kunda “Cho‘lquvar” suv inshootining birinchi ko‘tarish nasosidan “Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan 1 ming 360 nafar aholi yashaydigan 240 ta xonadonga ilk bor markazlashgan ichimlik suv yetkazilmoqda.
O‘tgan yili “Obod qishloq” davlat dasturi asosida kirishilgan mazkur loyihaga binoan hududda 5 milliard 200 million so‘m mablag‘ hisobidan 13 kilometr masofaga suv quvuri tortildi. 4,6 kilometr aholi xonadonlari toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi “Bo‘zachi” gidroinshootga mahalliy byudjet hisobidan soatiga 10 metr kub suvni tozalash va filtrlash uskunasi o‘rnatildi. Quvurga haydash uskunasi o‘rnatilgani hisobidan 475 ta xonadonning toza ichimlik suvga bo‘lgan talabi qondirildi.

Bunda 1,5 kilometrga suv tarmog‘ini tortish uchun 879 million so‘m sarmoya ajratilgan. 2022 yil boshlaridan tuman markazida istiqomat qilayotgan aholini ichimlik suv bilan to‘liq ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Buning uchun “Cho‘lquvar” gidroinshootida 1 milliard 100 million so‘m qiymatida, soatiga 75 metr kub suvni filtrlab beruvchi maxsus texnologiya o‘rnatilgani ichki quvvatni oshirdi. Mahallalararo 3,9 kilometrga quvur tortildi. 17 kilometr masofada aholi xonadonini ichimlik suvi bilan ta’minlash ishlariga jami qiymati 11,6 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirilgan. Umuman, bu sa’y-harakat tufayli tuman aholisi toza ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlandi.
Zarif Komilov, O‘zA