Mamlakatimizda markazlashgan ichimlik suv ta’minotini yaxshilash, oqova suvlarni chiqarib yuborish xizmatlarini takomillashtirish orqali aholi turmush farovonligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, so‘nggi 6 yilda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashga 10 trillion so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan 1 176 ta suv inshooti va 20,8 ming kilometr ichimlik suvi tarmoqlari tortildi. Natijada aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi oshdi. Ya’ni 2017 yilda bu ko‘rsatkich 63,9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, ayni paytda 74,4 foizga yetkazildi. Ushbu davr mobaynida 8,2 million nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlandi, 4,8 million nafar aholining esa ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda shular haqida ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, Prezidentimizning 2019 yil 26 noyabrdagi “Aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish va uning sifatini yaxshilash uchun O‘zbekiston Respublikasining suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoniga muvofiq Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimiga kiruvchi suv ta’minoti davlat unitar korxonalarini mas’uliyati cheklangan jamiyati sifatida qayta tuzish orqali “O‘zsuvta’minot” AJ tashkil etilgani sohada tub burilish yasadi. Jamiyat tashkil etilishi bilan sohada korporativ boshqaruv tizimi joriy etildi, barcha yo‘nalishlar bo‘yicha ishlar tizimli asosda yo‘lga qo‘yildi. Xalqaro moliya institutlari tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarni tayyorlash, muvofiqlashtirish hamda amalga oshirish maqsadida aksiyadorlik jamiyati negizida loyiha ofisi ham tashkil etildi. Shuningdek, bugungi kunda sohaga yangi innovatsion texnologiyalarni joriy etish, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, boshqaruv tizimini takomillashtirish, moliyaviy va operatsion samaradorlikni oshirish hamda iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash maqsadida aksiyadorlik jamiyati faoliyatini transformatsiya qilish, raqamlashtirish bo‘yicha muayyan ishlar bajarilmoqda.
Xususan, hisob-kitoblarning shaffofligini ta’minlash, korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida billing tizimi joriy etilib, tizim barcha tegishli davlat idoralarining bazasi bilan integratsiya qilingan. Suv sifati va xavfsizligi monitoringi uchun “WATER LAB” axborot tizimi joriy etilib, respublika bo‘ylab ichimlik suvi sifatini nazorat qilish imkoniyati kengaydi. Buning uchun suv ta’minoti sohasidagi barcha mavjud laboratoriyalar raqamlashtirildi va hujjat almashinuvi, hisobotlar elektron tarzda yuritilishi yo‘lga qo‘yildi. Aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda murojaatlar bo‘yicha tezkorlik bilan ishlash maqsadida sohaga oid muammolar haqida istalgan joydan xabar berish imkoniyatini beruvchi "Suvni Asra” mobil ilovasi ishga tushirilgan. Qolaversa, iste’molchilar uchun to‘lovlar tarixi, shaxsiy hisob raqam, amaldagi tarif haqida ma’lumot olish hamda to‘lovlarni onlayn tarzda amalga oshirish va suv hisoblagich ko‘rsatkichlarini masofadan turib yuborish imkoniyatini yaratish maqsadida “Shaxsiy kabinet” xizmati va “UzWater” telegram-boti ishga tushirilgan. Shu bilan birga, avtotransport va maxsus texnikalar uchun avtomatlashtirilgan GPS dasturi joriy etilgan. Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish jarayonlarini real vaqt rejimida boshqarish hamda nazorat qilish, tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya holatlarini barvaqt aniqlash, ularning oldini olish, ichimlik suvining texnologik yo‘qotishlarini qisqartirish, suv ta’minoti va oqova suv ob’ektlarining geografik xaritasini shakllantirish, ularning texnik holatini tahlil qilish, ekspluatatsiya va ta’mirlash ishlarini maqbullashtirish maqsadida sohaga SCADA avtomatlashtirilgan tezkor dispetcherlik boshqaruv tizimi va geoaxborot tizimi joriy etildi.
Brifingda ta’kidlanishicha, suv sarfining aniq hisobini yuritish, suv yo‘qotishlarini qisqartish maqsadida qator xorijiy hamkorlar bilan birgalikda respublikamizning bir qancha hududlarida “aqlli” suv hisoblagichlarini o‘rnatish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ham sohani raqamlashtirish yo‘lida qo‘yilgan muhim qadamlardan hisoblanadi. Bundan tashqari, hozirda “Katta to‘rtlik” turkumiga kiruvchi "Ernst and Young Advisory" kompaniyasi bilan birgalikda aksiyadorlik jamiyati faoliyatini transformatsiya qilish bo‘yicha 10 ta asosiy yo‘nalish belgilab olindi. Bu borada ishlar izchil davom etmoqda.
Sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning muhim qismi sifatida “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan iste’molchilar bilan ishlash jarayoni ham tubdan takomillashtirilgan. Jumladan, aholi murojaatlarini ko‘rib chiqish va tezkorlik bilan hal etish maqsadida respublika bo‘yicha yagona bo‘lgan 12-55 qisqa raqamli koll-markaz ishga tushirilgan, telegram ijtimoiy tarmog‘ida maxsus chat faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Sohaga oid murojaatlarni aksiyadorlik jamiyatining rasmiy veb-sayti orqali yuborish imkoniyati ham yaratilgan.
Brifingda Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasiga muvofiq 2026 yilga kelib, respublika aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 90 foizga, oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinganlik darajasini esa 35 foizga yetkazish rejalashtirilgani, bu ishlar uchun 40 trillion so‘m investitsiya jalb qilish ko‘zda tutilgani haqida ham ma’lumot berildi.
Nilufar Bozorova, O‘zA