Avval xabar berganimizdek, Xalqaro ko‘zi ojizlar federatsiyasi (IBSA) prezidenti Ilgar Rahimov boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi. Ushbu delegatsiya a’zolari bilan Sport vazirligida uchrashuv tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston sport vaziri Adham Ikromov, mamlakatimiz Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva, Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev, yurtimiz ko‘zi ojizlar sport federatsiyasi raisi Otabek Ergashev ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida xalqaro delegatsiya a’zolari Xalqaro ko‘zi ojizlar sport federatsiyasi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi. Jumladan, tashkilotning asosiy maqsadi ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi insonlarning jamiyatga to‘liq integratsiyasini ta’minlash hamda ularni sportga jalb qilish ekani, tashkilotga bugungi kunda 117 ta davlat a’zo ekani haqida to‘xtaldi.

Shuningdek, O‘zbekistonda imkoniyati cheklangan shaxslar o‘rtasida sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar, paralimpiya harakati va ularning ulkan muvaffaqiyati martabali mehmonlar tomonidan alohida e’tirof etildi.
Tadbir davomida IBSA bilan hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, ushbu tashkilot bilan hamkorlikda kelgusida yuqori nufuzli xalqaro sport tadbirlarini tashkil etish masalasiga e’tibor qaratilib, IBSA mutasaddilarining bu boradagi takliflari eshitildi.
Yakunda har ikkala tarafning taklif va rejalari ijobiy baholandi va kelgusida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA