O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining “Ibrat farzandlari” loyihasi tomonidan ishlab chiqilgan zamonaviy “O‘zbek tili” dasturi eng so‘nggi ta’lim texnologiyalari va milliy qadriyatlar uyg‘unligiga asoslanadi.
Dastur A1 darajadagi rasmiy CEFR talablari asosida tuzilgan bo‘lib, o‘quvchilarda tinglab va o‘qib tushunish, yozish va gapirish kabi asosiy nutq ko‘nikmalarini shakllantirish hamda lug‘atlarni oson yodlab olish va grammatik qoidalarni sodda usulda tushuntirishga qaratilgan.
Mazkur dasturda o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha birinchi bor AI – sun’iy idrok qo‘llanilgan bo‘lib, u o‘zbek tili talaffuz qoidalarini o‘quvchi tomonidan osongina o‘zlashtirilishiga yordam beradi.
Dastur 30 ta bo‘lim, 180 ta dars, 700 dan ortiq yangi so‘z va 1400 dan ziyod mashqlarni o‘z ichiga olgan.
Kurs nafaqat til o‘rganish, balki O‘zbekistonning tarixi, qadimiy shaharlari, sayyohlik nuqtalari, madaniyati va xalqimiz an’analari bilan tanishish imkonini ham beradi. Shuningdek, dasturdan O‘zbekiston Respublikasining davlat ramzlari, milliy oshxonasining shoh taomlari, o‘zbek xalqining milliy-madaniy qadriyatlari joy olgan.
Kursni muvaffaqiyatli yakunlagan o‘quvchilarga maxsus veb platforma orqali sertifikat taqdim etiladi.
“O‘zbek tili” dasturi keng foydalanuvchilar auditoriyasiga mo‘ljallangan bo‘lib, ular:
– Yurtimizdagi o‘zga millat vakillari va xorijlik fuqarolar;
– O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlar;
– O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan turli soha vakillari;
– O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining xorijlik talabalari;
– Chet eldagi vatandoshlarimiz va ularning farzandlari;
– Xorij va yurtimizdagi o‘zbek tili kurslari o‘quvchilaridir.
“Ibrat farzandlari”ning “O‘zbek tili” dasturi — nafaqat tilni o‘rgatadi, balki milliy ruhni his etish, xalqimizning boy madaniy merosi bilan tanishish uchun ham keng imkoniyat yaratadi.
Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA