"Ibn Sino merosi" ko‘rgazmasi
Samarqand davlat tibbiyot universitetida dorivor o‘simliklarni yetishtirish va chuqur qayta ishlashda ilm-fan va ishlab chiqarish korxonalarining kooperatsiya aloqalarini kengaytirishga bag‘ishlangan “Ibn sino merosi” ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 20 maydagi “Dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlash hamda davolashda ulardan keng foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan viloyat hokimligi, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti tomonidan uchinchi bor o‘tkazilayotgan tadbirda dorivor o‘simliklar yetishtirish va ularni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi o‘rmon va fermer xo‘jaliklari, korxonalar hamda dorivor o‘simliklar bilan bemorlarni davolovchi xususiy tibbiy markazlar vakillari ishtirok etdi.
[gallery-22548]
– Bugungi kunda viloyatimizdagi 6 ta davlat o‘rmon xo‘jaligi, 5 ta fermer xo‘jaligida dorivor o‘simliklar yetishtirilayotgan bo‘lsa, 8 ta korxona qayta ishlash bilan shug‘ullanmoqda, – deydi viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Nozir Ibragimov. – Shuningdek, ushbu yo‘nalishda bir nechta startap loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda, dorivor o‘simliklar bilan davolovchi xususiy shifoxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Lekin mavjud imkoniyat va resurslarni hisobga olganimizda bu juda kam. Bizda dorivor, shifobaxsh bo‘lmagan o‘simlikning o‘zi yo‘q. Mutaxassislar mamlakatimizda 577 turdagi dorivor o‘simlik turini aniqlagan. Viloyatimizdagi o‘rmon xo‘jaliklarida esa 17 turdagi dorivor o‘simliklar plantatsiyalari mavjud xolos. Kelgusida farmatsevtika sanoatimizda dorivor o‘simliklar yetishtirish va ulardan dori vositalari tayyorlashga alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Mazkur ko‘rgazma ham shu maqsadga qaratilgan bo‘lib, viloyatimizdagi 30 dan ortiq farmatsevtika korxonasi va dorivor o‘simliklar yetishtiruvchi xo‘jaliklar bilan kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.
Ko‘rgazmada dorivor o‘simliklar, ularni qayta ishlash natijasida olinayotgan mahsulotlar, Samarqand davlat tibbiyot universiteti olimlarining dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha ilmiy ishlanmalari hamda startap loyihalari namoyish etildi.
Ishtirokchilar o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari