Husniddin Sharipov: “Tanlangan asarlar”
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida yangi kitob
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”, atoqli shoir va tajimon, O‘zbekiston xalq shoiri Husniddin Sharipovning “Tanlangan asarlar” nomli kitobi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida nashrdan chiqdi.
Kitobdan shoirning muxlislari tomonidan sevib o‘qib kelinayotgan she’rlari, “Shahmot dostoni”, “Ming ikkinchi kecha”, “Qaynarbuloq” va “Olmazor” dostonlari, “Onaning ko‘ngli bolada yoxud Toshkentcha qo‘ydi-chiqdi” va “Insofnoma” pesalari, shuningdek, sharq she’riyatidan qilgan tarjimalari o‘rin olgan.
Husniddin Sharipov el dardini yuragidan chuqur his qila oladigan ijodkor. U dastlabki she’rlaridanoq mehnat ahli – dehqonlar, bog‘bonlar, o‘rmonchilarning orzu-o‘ylarini, ona tabiatni ulug‘ladi.
Oltmishinchi yillarda chiqqan kitoblarini soddagina qilib “Ko‘ngil buyurgani” (1961), “Quyoshga oshiqman” (1963), “Tuproqqa qasida” (1965), “Yerning qalbi” (1965), “Men sizga aytsam” (1968) deb atagani ehtimol shundan.
Husniddin Sharipov o‘zbek zamonaviy dostonchiligi rivojiga ham o‘ziga xos hissa qo‘shgan sermahsul ijodkorlar siraga kiradi. U o‘n sakkizta doston muallifi hisoblanadi.
Mustaqillik yillari adib uchun g‘oyat mahsuldor bo‘lganini alohida ta’kidlash joiz. Bu yillar uning “Ming ikkinchi kecha” (1992), “Qaltis yurish” (1999), “Qaynar buloq” (2002) dostonlari, “Yor istab” (1993) she’riy kitobi, “Asiringman” (2003) “Yillar va dillar” (2013) nomli saylanma asarlari nashr etildi.
Shoirning qator qo‘shiq va she’rlari Navro‘z va Mustaqillik bayrami tantanalarida yangrab turadi.
– Shoir, avvalo, o‘zi oshiq, pokiza, fidoyi bo‘lishi, ya’ni o‘zi ham ulug‘layotgan qahramoniga o‘xshab yashashi kerak. Bu – oson emas. She’riyat esa haromni yoqtirmaydi. Aks holda shoir odatiy gapdonga, ijod oddiy tirikchilik vositasiga, asar esa lahzali kekirikka aylanib qolishi mumkin, deya yozadi shoirning o‘zi bir bitigida.
Minnatdorman baxtim qushidan:
Ko‘zlarimga qo‘ndirmas g‘ubor
Istiqbolning jilmayishidan
Ravshan tortgan azamat diyor.
Shu sababli mangu sen bilan
Tomirdoshdir bo‘g‘inu bandim,
Aziz Vatan,
Yagona Vatan,
Qaddi baland,
Qadri balandim, deya kindik qoni tomgan zaminni ulug‘laydi shoir.
Husniddin Sharipovning “Tanlangan asarlar”ini o‘qing.
A.Narzulloyev, O‘zA